Prezidentimiz Buxorodagi bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi
Prezidentimiz Buxorodagi bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga safari chogʻida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yoʻl va koʻpriklar qurilib, yoʻlovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish boʻyicha muhim topshiriq bergan edi.
Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yoʻli ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yoʻl, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yoʻl boʻyida 2 ta yoʻl oʻtkazgich, 9 ta yer osti piyodalar oʻtish joyi va 8 ta koʻprik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Loyihaga koʻra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr boʻlgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qoʻnish yoʻlagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga yuqori darajada xizmat koʻrsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.
– Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat koʻrsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga toʻliq mos boʻlishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.
#Shavkat Mirziyoyev