Valyuta kurslari 20/01/2026
$1 – 12051.71
UZS – 0,74%
€1 – 14008.91
UZS – 0,87%
₽1 – 154.69
UZS – 0,49%
Qidirish
Prezident yurak xuruji va insultga qarshi kurash bo'yicha milliy dasturni tasdiqladi

Prezident yurak xuruji va insultga qarshi kurash bo'yicha milliy dasturni tasdiqladi

Prezident yurak xuruji va insultga qarshi kurash bo'yicha milliy dasturni tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda, avvalo, oʻtkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish va davolashni takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Rejaga koʻra, “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.

Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish hamda natijasiga koʻra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, mazkur kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda xalqaro standartlarga muvofiq “oltin soat” tamoyilining vaqt meʼyorlari joriy etiladi.

Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgan choralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi. Shu jumladan, EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish va axborot tizimi orqali yuborish, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumot almashish imkoniyati yaratiladi.

Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sunʼiy intellekt asosida tashxislash imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marshruti raqamlashtiriladi. Shifoxonalar esa shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan taʼminlanadi.

Shoshilinch statsionar tibbiy xizmat koʻrsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish, oʻtkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi.

Milliy dastur doirasida “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilishi taʼminlanadi.

Aholi oʻrtasida profilaktika va targʻibot ishlariga ham alohida urgʻu berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatish, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylashtirish, taʼlim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlash boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Angels Initiative” xalqaro tashabbusining “FAST Heroes” dasturi asosida maktab oʻquvchilari uchun maxsus mashgʻulotlar tashkil etiladi. Har yili 29-sentabr – Butunjahon yurak kuni va 29-oktabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin koʻrsatkichlarini oʻlchash, aholining shoshilinch yordam koʻrsatish boʻyicha savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar oʻtkaziladi.

Dasturni moliyalashtirishga 2026-yilda 239 milliard soʻm, 2027-yildan boshlab 280 milliard soʻm ajratilishi taʼkidlandi.

Taqdimotda, shuningdek, 2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish va davolash muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini toʻliq taʼminlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.

Jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagacha koʻpaytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, begʻaraz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Yetakchi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va koʻnikmalari oshiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda begʻaraz donorlik harakati qoʻllab-quvvatlanadi.

Qon bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun “ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjirida jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.

Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish, shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma berish, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

Qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026-yilda 308 milliard soʻm, 2026-2030-yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trillion soʻm nazarda tutilgani qayd etildi.

Taqdimotda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini oʻrganish natijalari haqida axborot berildi.

Ishchi guruhlar 2025-yil sentabr-dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazlari va klinikalar faoliyatini kompleks oʻrganib, qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklarini aniqlagan. Ularni bartaraf etish uchun 27 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, u tibbiy xizmat sifatini oshirish, hududlar bilan ishlashni tizimli yoʻlga qoʻyish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalanish yoʻnalishlarini qamrab oladi.

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishda xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.

Jamoat salomatligi, sogʻliqni saqlashni rejalashtirish va milliy laboratoriya tizimini isloh qilish boʻyicha texnik shartlar ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirishda 25 ta xalqaro va 19 ta mahalliy ekspertni jalb qilish taklif etildi.

Shuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimot qilindi.

2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta filiali uchun jami 61 million dollarlik 119 turdagi tibbiy uskunalar xarid qilingan. Yana 5,6 million dollar hisobiga qoʻshimcha 5 turdagi uskunalar xarid qilinishi nazarda tutilgan.

Bunga qoʻshimcha ravishda jalb qilinadigan 10 million dollar hisobidan markaz uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, shuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Farmatsevtika tarmogʻi hozirda sanoatimizning yuqori surʼatlarda oʻsib borayotgan yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda tarmoqda 2,3 milliard dollarlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 2025-yilda 362 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi hamda 2,4 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 7,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, dunyoning 55 ta davlatiga 220 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Dori vositalari sifatini taʼminlash va byurokratiyani qisqartirish boʻyicha amalga oshirilgan soʻnggi islohotlar natijasida tadbirkorlar tomonidan ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boʻyicha ishlar boshlandi.

Shuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilangani hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40-60 foizga pasaytirildi.

Taqdimotda import oʻrnini bosuvchi mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish hamda ommabopligini taʼminlash, buning uchun investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini oshirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, muhokama qilingan yoʻnalishlarda aniq natijalarga erishish topshirildi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling