Prezident Toshkentda transportni intellektual boshqarish tizimini yaratish loyihasini ko'rib chiqdi
Prezident Toshkentda transportni intellektual boshqarish tizimini yaratish loyihasini ko'rib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishdi.
Keyingi yillarda poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish boʻyicha ancha ishlar qilindi. Avtobuslar parki ikki barobarga kengaytirilib, ularning umumiy soni 1900 taga yaqinlashdi, qatnov intervali 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqardi. Natijada avtobuslardan foydalanuvchilarning soni kunlik 1,4 million nafarga yetdi.
Yerosti va yerusti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazilib, bekatlar soni 29 tadan 50 tagacha oshdi. Metro bir kunda 900 ming nafar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda.
Shahar koʻchalarida harakatni tashkil etish boʻyicha texnik ishlar koʻlami kengayib, 2870 ta belgi almashtirildi, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor oʻrnatildi.
Shu bilan birga, aholi va transport vositalari sonining oʻsishi, shahardagi iqtisodiy jarayonlar natijasida yoʻl infratuzilmasiga yuklama keskin ortmoqda. Poytaxtning asosiy transport yoʻlaklariga bosim 2 barobar koʻpaygani, keyingi yillardagi 7-8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangani koʻrsatib oʻtildi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda.
Dunyo amaliyotida yoʻl harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qoʻllanilmoqda. Mazkur yondashuvga koʻra, shaharlarda harakatni oʻz vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Taqdimotda shu maqsadda Toshkent shahrida yagona yoʻl harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi.
Markaz transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish hamda boshqarish, transport master-rejasi va karkasini, shu jumladan, yuk tashishlar hamda shahar parking maydonlarini tashkil qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish, individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni ragʻbatlantirish kabi vazifalar bilan shugʻullanadi.
Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yigʻilgan maʼlumotlarni, xususan, sunʼiy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda oʻzgartirish, yoʻl-transport hodisalari roʻy bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega boʻladi.
Tizimning joriy qilinishi natijasida yoʻllarda transport harakatining oʻrtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yoʻllardagi tirbandliklar hamda yoʻl-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, pilot loyihani joriy yilning oʻzidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030-yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.
#Shavkat Mirziyoyev