Prezident Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini tasdiqladi
Prezident Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:
aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
avtobusning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylarini tashkil etish;
metropoliten tarmog‘i uzunligini 103 kmga yetkazish.
Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish,
Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish;
Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish.
Toshkent shahrining transport va yo‘l infratuzilmasini boshqarishning zamonaviy axborot texnologiyalari bilan integratsiyalashgan intellektual transport tizimi ishlab chiqilmoqda hamda unda quyidagilar nazarda tutiladi:
videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risida maʼlumotlar yig‘ish;
transport va piyoda oqimlarini tahlil qilish asosida svetoforlarni boshqarish, svetofor fazalarini avtomatik tarzda moslashtirish;
agar harakat jadvalidan chetga chiqilsa, maxsus va jamoat transporti vositalari harakatining ustuvorligini taʼminlash;
avtotransportlar, shu jumladan, maxsus texnikalar harakatini monitoring qilish, qurilish hamda maxsus texnikalarning maxsus mexanizmlari ishini nazorat qilish;
yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash, ular bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.