Valyuta kurslari 15/08/2025
$1 – 12581.97
UZS – 0,67%
€1 – 14698.26
UZS – 0,27%
₽1 – 157.75
UZS – 0,61%
Qidirish
Iqtisod 13/08/2025 Prezident toʻqimachilik sanoatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “100 kunlik harakat”ni eʼlon qildi

Prezident toʻqimachilik sanoatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “100 kunlik harakat”ni eʼlon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyotining 3 foizini, sanoatning 14 foizini yaratayotgan to‘qimachilik tarmog‘ini yana-da qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

So‘nggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20 foiziga teng.

Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Jahonda paxta kotirovkalari 2022 yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi.

Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022-2023 yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya berildi.

Davlatimiz rahbari jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.

To‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valyutada, atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega.

“Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?”, - deya savol qo‘ydi Prezidentimiz.

Har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga eʼtiroz bildirildi.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga yana-da faol ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.

Prezident topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganildi.

“Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” eʼlon qilamiz”, - dedi davlatimiz rahbari.

Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.

Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.

Klasterlarga 2022-2023 yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1 avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi.

Tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.

Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.

Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi.

Bunda, ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.

O‘z xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan to‘qimachilik sohasi korxonalariga xususiy bog‘chalardagi kabi har bir tarbiyalanuvchi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Barcha to‘qimachilik korxonalarini elektr taʼminoti o‘ylantirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan korxonalarga o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi va bu maqsadlar uchun 200 million dollar kredit resurslari yo‘naltiriladi va stavkaning 10 foizgacha qismi qoplab beriladi.

“Mana, to‘qimachilik korxonalari uchun bir qator imtiyozlar berayapmiz. Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi”,- dedi Prezidentimiz.

Hozir 15 ta klasterda tolani qayta ishlash quvvati yo‘q, yana 12 tasining quvvati yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular xomashyosi yetarli bo‘lmagan ip-yigiruv korxonalari bilan samarali kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etildi.

Bunday klasterlarga qo‘shimcha investitsiya qilib, tolani qayta ishlash bo‘yicha yangi loyiha qilish talabi qo‘yilmaydi va jozibador moliyaviy mexanizmlar taqdim etiladi.

Lekin klaster bu tizim asosida tolani qayta ishlashni boshlamasa, keyingi yildan klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit berilmaydi.

Prezident ishlab chiqarish va eksportni oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatimizda ip-kalava va matoning narxi asosiy raqobatchilardan o‘rtacha 10-15 foiz yuqoriligiga eʼtibor qaratildi. Sababi – ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz tarkibida paxta 90 foiz bo‘lsa, qolganlarda 30-40 foizi poliester, viskoza, spandeks kabi arzon sintetik matodan iborat.

Dunyoda sunʼiy tola va aralash matoga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Mamlakatimizda yiliga 100 ming tonna aralash ip, mato va gazlama import bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi bo‘lsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.

O‘tgan yilda 5 million dollardan ortiq eksport qilgan 55 ta korxonaning har birida kamida 200 nafardan ishchi ishlamoqda. Lekin bu korxonalar asosan viloyat markazlarida va sanoati rivojlangan tumanlarda joylashgan.

Ularga ko‘mak berilsa, olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filial ochmoqchi. Bunga Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yilga 10 milliard so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi qoplab beriladi.

Qo‘yiladigan shart – korxonalar 200 ta ish o‘rni yaratishi va munosib ish haqi to‘lashi kerak.

Mutasaddilarga ushbu rag‘batlarni ishga solib, joriy yilda 20 ta, keyingi yilda yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalarini ishga tushirish topshirildi.

Bu ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi.

Yevropa va AQSH bozoriga tayyor kiyim-kechak eksportini kengaytirish, tarmoqda standartlashtirish va raqamlashtirish ishlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Texnik tartibga solish agentligiga xalqaro sertifikati bor korxonalarni 300 taga yetkazish topshirildi.

Tashqi ishlar vazirligiga aylanmasi 1 milliard dollardan katta brendlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini ishlab chiqish va sentyabr oyida Toshkentda bo‘ladigan yirik ko‘rgazmaga ushbu kompaniyalarni taklif qilish topshirig‘i berildi.

AQSHda yiliga qariyb 100 milliard dollarlik tekstil bozori bor, muqobil qo‘llab-quvvatlash choralari orqali ushbu mamlakatga eksportni 5-6 karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida 2 ta savdo uyini ochish topshirildi.

Korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy qilish orqali daromadni 20-30 foizga oshirish, faoliyatni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyot omilini kamaytirish mumkin.

Bu borada to‘qimachilik korxonalariga ERP tizimini joriy qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Korxonalarni ushbu tizimga o‘rgatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Jahonda savdo qoidalarining tez o‘zgarishi yoki logistikadagi uzilishlar to‘xtamayotgani sharoitida to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinishini eʼlon qildi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga masʼul bo‘ladi.

Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi.

Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.

"Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda byudjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trillion so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak", - dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Yig‘ilish davomida to‘qimachilik korxonalarining namunali tajribalari ko‘rib chiqildi, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling