Prezident Sirdaryo viloyatining yutuqlarini ta'kidlab, 2026-yil uchun maqsadlarni belgilab berdi
Prezident Sirdaryo viloyatining yutuqlarini ta'kidlab, 2026-yil uchun maqsadlarni belgilab berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
“Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirayotgan islohotlarimiz natijasi barcha viloyatlar qatorida Sirdaryodagi ulkan oʻzgarishlarda ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan bu zaminda sanoat, servis, turizm yoʻqdan bor boʻldi, biznes muhiti yaxshilanib, ilgʻor tadbirkorlar sinfi shakllandi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Sakkiz yilda Sirdaryoga 4 milliard dollar investitsiya kiritildi. Bu davrda 187 ta yirik quvvatlar ishga tushdi, 120 ming ish oʻrni yaratildi. 50 ga yaqin yangi mahsulot chiqarish yoʻlga qoʻyilib, sanoat 4 trilliondan 25 trillion soʻmga yetdi.
Minglab savdo-servis obyektlari tashkil qilingani natijasida xizmatlar hajmi 1,5 trilliondan 12 trillion soʻmga oshdi.
Oldin dotatsiyali boʻlgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari xarajatini oʻzi qoplashga oʻtdi.
Sirdaryo tumanida kelgusi yilda xitoylik hamkorlar bilan avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha 122 million dollarlik loyiha ishga tushadi.
Yaqinda Qozog‘iston bilan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi.
Ushbu markaz hududida 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yil 1-chorak yakunida ish boshlaydi, 2026-yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyihalar joylashtiriladi.
O‘tgan yili tomorqani ishga solish, kichik sanoat va servis orqali odamlarning daromadini oshirish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi Sayxunoboddan boshlangan edi.
Tumandagi 13 ming xonadonda tomorqadan samarali foydalanish hisobiga oylik daromad bir necha barobarga ko‘paydi. Mahallalardagi 1,8 ming xonadonda 5-6 sotixli, yana 622 tasida 2-3 sotixli issiqxonalar qurildi. Bir yarim yilda 700 ta yangi tadbirkor ish boshladi, 15 ming ishsiz doimiy daromadga ega bo‘ldi, 1,5 ming oila kambag‘allikdan chiqdi.
“Qilsa bo‘lar ekan! Mana, eng “og‘ir” tumanlardan biri bo‘lgan Sayxunobodda bugun hayot, odamlarning kayfiyati qanday o‘zgarganiga guvoh bo‘lyapsizlar”, – dedi Prezidentimiz.
Sirdaryoda bog‘cha, maktab, shifoxona o‘rinlarini ko‘paytirish, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.
Birgina misol, shu yilning o‘zida Sirdaryo aholisining turmushini yaxshilash uchun 100 million dollar berildi.
Natijada 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani to‘liq ta’mirdan chiqarilib jihozlandi.
Shuningdek, 87 kilometr tarmoq tortilgani uchun Guliston shahridagi 22 ming xonadonga ichimlik suv uzluksiz boryapti.
Yil yakunigacha yana 9 kilometr yangi tarmoq o‘tkazilib, Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon doimiy ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Bu ishlar davom ettirilib, viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun kelasi yil yana 100 million dollar ajratilishi belgilandi.
“Xalqimiz yaxshi yashasin, farzandlari zamonaviy bilim va kasb egallasin, daromadi ko‘paysin deb harakat qilyapmiz. Men aminman, yana bir-ikki yil qattiq izlansak, Sirdaryoda juda katta o‘sish, rivojlanish bo‘ladi.
Viloyatda mana shunday ishlarni tashkil qilish uchun qat’iyatli, talabchan, eng asosiysi, aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga tezkor yechim topadigan salohiyatli rahbar kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Prezidentimiz aholi va tadbirkorlarning fikrini o‘rganib, Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimovni tavsiya etishga qaror qilganini qayd etdi.
Viloyat faollarining fikrlari tinglanib, hokimni tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Hokim Sirdaryoni rivojlantirish bo‘yicha rejalarini hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirib, viloyatni eng ilg‘or hududlardan biriga aylantirish uchun kelasi yil viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 185 ming odamni band qilish bo‘yicha qattiq ishlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda Sirdaryoda sanoat, servis, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Hudud iqtisodiyotiga innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar olib kirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda viloyatda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda ishga tushirilgan 500 million dollarlik 31 ta korxonada 5 ming aholi yuqori daromadli ishlarda mehnat qilyapti.
Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketmoqda.
Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos hisobidan Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududini 1 ming 80 gektarga kengaytirildi.
Endilikda sanoat zonasining har bir qarich yerida faqat va faqat yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarning joylashishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat va tuman hokimlari sanoat zonasiga qoʻshib berilgan 1 ming gektarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlashi muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.
Bunda qurilish materiallari boʻyicha Xitoyning Szyansu, Shandun va Guandun provinsiyalari, kimyo sanoatida Tyanszin shahri, elektrotexnikada Fuszyan, Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Shinjon, farmatsevtikada Shanxay, Szyansi hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, Xitoyning Sindao shahrida “Xitoy – Shanxay hamkorlik tashkiloti” maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qoʻllash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta oʻrganib, Guliston shahrida kamida 5 ming ish oʻrinli “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilish topshirildi.
Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.
Gonkong maxsus administrativ rayoni ham juda katta investitsiyaviy va moliyaviy imkoniyatlarga ega ekani taʼkidlanib, mutasaddilarga Gonkongdagi yirik kompaniyalarni Sirdaryoga taklif qilish hamda investitsiya forumini oʻtkazish, Sirdaryo viloyati va Gonkong oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Toshkent shahridagi sanoat korxonalari bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirilmoqda.
Ularning ko‘pchiligi mehnat resursi, infratuzilmasi bor, yer-mulk solig‘i arzonroq bo‘lgan joylarni izlamoqda.
Bu borada Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida bo‘sh turgan yerlarga poytaxtdagi mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun juda katta imkoniyat borligi ta’kidlandi.
Shu bois, Toshkent shahridagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi.
Ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temir yo‘li orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 1 ming 140 ta sanoat korxonasidan 129 tasi past quvvatda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu korxonalar butlovchi va ehtiyot qismni asosan chetdan yoki respublikaning boshqa hududidan olib kelayotgani uchun tannarx bo‘yicha raqobatlasha olmayapti.
Agar butlovchi va ehtiyot qismlar hududning o‘zida ishlab chiqarilib, kooperatsiya yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni bemalol 10 foizgacha kamaytirish mumkinligi qayd etildi.
Shu bois, “Farovon” kichik sanoat zonasiga tutash 200 gektarda butlovchi qismlar ishlab chiqarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hudud temir yo‘l bo‘yida joylashgani, elektr tarmog‘i o‘tgani uchun infratuzilmaga qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmaydi.
Viloyat hokimligiga bu yerda 800 million dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini boshlash topshirildi.
Viloyatdagi o‘rta va yirik korxonalarning aksariyati Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlari va Guliston shahriga to‘g‘ri keladi.
Mazkur korxonalarni elektr bilan ta’minlaydigan “Feruz” podstansiyasining quvvati 2 karra oshirilsa, tadbirkorlar yana 200 million dollarlik yangi loyihalarni qilish tashabbusini bildirgan.
Mutasaddilarga ushbu podstansiyada 2 ta 250 megavattli transformator o‘rnatib, quvvatini oshirish topshirildi.
Umuman, sanoatdagi imkoniyatlardan foydalanib, viloyatda 25 ming yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarishda kamida 7 foiz o‘sishga erishib, 30 trillion so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish muhokama qilindi.
2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trillion so‘m, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion so‘m resurs berish rejalashtirilgan. Shuning 753 milliard so‘mi mahallalar sharoitini yaxshilash uchun ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman budjetlariga ajratilmoqda.
Endilikda bu mablag‘ni har bir tuman va mahallada tadbirkorlikning rivojlanishiga mustahkam zamin bo‘ladigan infratuzilma loyihalariga yo‘naltirib, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu ishlarning tashkil qilinishi Sirdaryo tumanidagi Tinchlik, Elobod, Do‘stlik, Ulug‘bek, Kamolot mahallalari misolida tushuntirildi.
Xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarning 241 kilometri Sirdaryoning 7 ta tumanidan o‘tgani servis va logistikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat.
Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston va Boyovutni Bekobod bilan bog‘laydigan 74 kilometrni rekonstruksiya qilishni boshlash topshirildi. Bu yuzlab savdo-servis obyektlari, kafe-restoran, dam olish joylarini ishga tushirishga imkon beradi.
Guliston shahridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi 67 gektarda yirik savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etilishi e’lon qilindi.
Guliston tumanining Sohilobod va Ahillik, Sirdaryo tumanining Kamolot mahallalari hududida ham jami 360 gektarda yirik daryo bo‘yi ekoturizm komplekslari tashkil qilinadi.
“Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar, samarali yechimlarni joriy qilish uchun doim izlanish, o‘rganish va tajriba orttirish juda muhim”, – dedi Prezidentimiz.
Shu bois, 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil qilish topshirildi.
Shuningdek, sirdaryolik 50 nafar yoshni Pekin shahriga jo‘natib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kurslarda o‘qitish zarurligi qayd etildi.
Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida oliygoh tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.
Sirdaryo viloyatida 287 ming gektar suvli, 16,5 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlari bor.
Joriy yil Mirzaobod, Xovos va Sardobadagi 16 ming gektar cho‘l yerlar foydalanishga kiritilib, yarmiga yangi texnologiya asosida paxta ekilgani uchun gektaridan 60 sentnergacha hosil olindi.
Xitoylik investorlar 50 million dollar hisobiga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30-40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sug‘orish orqali foydalanishga kiritishni boshlab yubordi. Kelasi yil bu yerlarda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi.
Buning natijasida shuncha gektar kam hosilli paxta va g‘alla dalasini qisqartirilib, o‘rnida ozuqa ekinlarini joylashtirishga ruxsat beriladi.
Xitoyning Shimoliy-g‘arbiy agrar universiteti, Yanlin yuqori texnologiyalar zonasi bilan hamkorlikda Sirdaryoda qishloq xo‘jaligi urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-innovatsion markaz ishini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Sirdaryo viloyatida joriy yil 10 ming gektarda asosiy ekin sifatida sholi yetishtirilib, 53 ming tonna hosil olindi.
Bu yaxshi ko'rsatkich bo'lsa-da, suvni tejash masalasi ham muhimligi qayd etildi.
Boyovutlik fermer tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, g‘alladan bo‘shagan 23 gektar yerda takroriy ekinga 8 gektarida sholi, yana 15 gektarida esa paxta ekib, gektaridan 5-6 tonna hosil oldi. Eng muhimi, suv sarfi 10 barobar kamaydi.
Shu bois, sholi yetishtiriladigan 8 ta tuman hokimlariga har yili kamida 2 ming gektar sholi maydonini tomchilatib sug‘orishga o‘tkazish topshirildi.
Ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan “Sultonhovuz” suv omborining qurilishi boshlanadi.
Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasi qo‘yildi.
Viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Sho‘rlangan yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan o‘tkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga suv hisobini yuritish bo‘yicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Vengriyaning “Bonafarm” kompaniyasi Boyovut, Xovos, Mirzaobod va Yangiyerda parrandachilik klasterini tashkil qilishni boshladi.
Ushbu loyiha ishga tushsa, viloyat aholisining parranda go‘shti va tuxumga talabi to‘liq qoplanadi.
Xovos tumanida 50 gektar yer ajratilsa, vengriyalik tadbirkorlar texnopark tashkil qilib, 300 million dollar investitsiya kiritmoqchi.
Viloyat hokimligiga Vengriyaga borib, Sirdaryo viloyati imkoniyatlarini taqdimot qilish va loyihalar paketini shakllantirish topshirildi.
Vengriya tomoni Xovosning 2 ta mahallasida “aqlli qishloq” dasturini amalga oshirish taklifini bergan. Bunda mahallaga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, ehtiyojmand oilalarga berilayotgan ko‘mak, bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yagona ochiq tizim orqali aholiga e’lon qilib boriladi.
Viloyat hokimligi va Boshqaruv samaradorligi agentligiga vengriyalik hamkorlar bilan ushbu yangi tajribani boshlash topshirildi.
Prezidentimiz Sirdaryodagi aholi va tadbirkorlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan tashabbuslarga to‘xtaldi.
A-373 yo‘lini Sayxunobod va Guliston tumanidan o‘tgan 37 kilometr qismi yaroqsiz bo‘lgani uchun transport shahar orqali harakatlanishga majbur bo‘lyapti.
Bu yo‘lni 6 tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan ichki yo‘llarni qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutasaddilarga ushbu dastur doirasida Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi.
“Do‘stlik” kanalining Guliston shahridan o‘tgan 5 kilometr qismi rekonstruksiya qilingani uchun qirg‘oq bo‘yi dam olish maskanlari tashkil etildi.
Kelgusi yilda kanalning qolgan 3,5 kilometr qismi ham beton qoplamaga o‘tkazilishi belgilandi.
Sirdaryoda yiliga o‘rtacha 10 ming yangi oila paydo bo‘layotganini hisobga olib, uy-joyga talabni qondirish uchun yil yakunigacha 3 ming 100 ta xonadonga ega ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish, 2026-yilda yana 3,5 ming kvartirali 80 ta uy-joy barpo etish maqsad qilib olindi.
Ikki kun oldin Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz ballon portlab, 29 nafar odam jarohat oldi.
Afsuski, bu baxtsiz hodisaning qurbonlari bor. Prezidentimiz ularning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbon bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratish topshirildi.
Topshiriqqa ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori boshchiligida 10 nafar malakali shifokorlar brigadasi jabr ko‘rganlarga bepul sifatli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatmoqda.
Mas’ul idoralarga ushbu baxtsiz hodisa sabablarini tez fursatlarda aniqlab, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Umuman, ushbu fojia favqulodda vaziyatlar tizimi uchun katta saboq bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Qish oylarida bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha barcha mas’ullar 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
“Bugun sizlar bilan viloyatni yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarni og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish bo‘yicha katta-katta reja va maqsadlarni belgilab oldik.
Hech shubhasiz, sirdaryoliklarning bunyodkorlik, tashabbuskorlik va fidoyilik fazilatlariga tayanib, bu marralarga albatta erishamiz.
So‘zimning yakunida nuroniy otaxon va onaxonlarga, ishbilarmon tadbirkorlar va dehqonlarga, kuch va g‘ayratga to‘la yoshlarga, butun Sirdaryo ahliga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildiraman”, – dedi Prezidentimiz yig‘ilish yakunida.
Sessiya davomida mutasaddilarning hisobotlari, ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi.
#Shavkat Mirziyoyev