Prezident qishloq xoʻjaligini keng koʻlamli mexanizatsiyalashtirish va qishloq xoʻjaligi sektorini raqamlashtirish dasturini tasdiqladi
Prezident qishloq xoʻjaligini keng koʻlamli mexanizatsiyalashtirish va qishloq xoʻjaligi sektorini raqamlashtirish dasturini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligini maxsus texnika bilan taʼminlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetdi. Oʻtgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yigʻib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qoʻl mehnati 1,8 barobar qisqardi.
Navbatdagi vazifa – paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xoʻjaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan.
Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.
Taqdimotda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
2026-2028-yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qoʻshimcha 10 foizga oshirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi. Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish koʻrsatkichi oʻziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori boʻlgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori boʻlgan 3 turdagi import texnika boʻyicha ham subsidiya ajratishni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard soʻm subsidiya yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sogʻlomlashtirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.
Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilindi.
2025-yilda “Agrobank” ATB tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun 1,6 trillion soʻmlik kreditlar ajratilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 3,9 trillion soʻmga yetkazish koʻzda tutilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xoʻjaligi xizmatlari koʻrsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xoʻjaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning oʻzida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, koʻchat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, oʻquv kurslari haqida maʼlumot olishlari mumkin boʻladi.
Bankning chorvachilik va mevachilikda, suvni sarfini “aqlli” boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard soʻmlik yangi venchur kompaniyasini taʼsis etish borasidagi rejalari ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator koʻrsatmalar berdi.
#Shavkat Mirziyoyev