Valyuta kurslari 05/12/2025
$1 – 11963.23
UZS – 0,43%
€1 – 13970.66
UZS – 0,7%
₽1 – 155.35
UZS – 1,28%
Qidirish
Prezident: Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 2030-yilga kelib 54 foizgacha oʻsadi

Prezident: Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 2030-yilga kelib 54 foizgacha oʻsadi

Prezident: Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 2030-yilga kelib 54 foizgacha oʻsadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zlamoqda.

“Bugun jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz.

Biz bu yo‘nalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish. Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir”, – dedi Prezidentimiz.

So‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi.

Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi.

E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.

Yurtimizdagi xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida 2 ming megavattli kichik quyosh panellari o‘rnatildi. Ularda shu yilning o‘zida qo‘shimcha ravishda 2 milliard kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi. Shuningdek, hududlarda 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingta transformator va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yangilandi.

Sohadagi bunday o‘zgarishlar mahalliy korxonalar rivojiga ham katta turtki bermoqda.

Ushbu korxonalar tomonidan yangi qurilayotgan elektr stansiyalari va tarmoqlariga yil boshidan buyon 700 million dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel o‘tkazgichlar, elektr qurilmalari yetkazib berildi, loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari ko‘rsatildi.

Masalan, Norin kaskad GESining 38 megavattli ilk gidroelektr stansiyasi to‘liq mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda ishga tushirildi.

Prezidentimiz soha rivojiga xizmat qiladigan qurilish, elektrotexnika va servis korxonalarimiz kelgusida xalqaro standartlarga javob beradigan yirik milliy kompaniyalarga aylanishiga ishonch bildirdi.

“Shu ma’noda, bugun ishga tushirilayotgan va yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradigan “Angren Energo” hamda 155 ta gidroagregat tayyorlab beradigan “O‘zhydropower” korxonalari katta istiqbolga ega, desak to‘g‘ri bo‘ladi”, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz energetika sohasida erishilayotgan katta yutuq va marralarda salohiyatli investorlar va ishonchli sheriklarimizning beqiyos hissasi borligini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari yurtimizga katta sarmoya kiritayotgan va eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelayotgan hamkor mamlakatlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saudiyaning “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA”, “Cengiz Enerji”, Amirliklarning “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Rise”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” va Qatarning “Nebras” kompaniyalariga, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari vakillariga chuqur tashakkur izhor etildi.

Marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi.

Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.

E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir”, – dedi Prezidentimiz.

Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

“Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan to‘xtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratamiz”, – dedi Prezidentimiz.

Aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi.

IT, sun’iy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar soni ko‘paytiriladi.

Ayni paytda Saudiyaning “Data-volt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish bo‘yicha ishlarni boshlagan. Bunday keng ko‘lamli ishlar elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi.

Shu bois, davlatimiz rahbari yaqin kelajakdagi rejalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Prezidentimiz elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirish muhimligini ta’kidladi.

Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida 3 milliard 300 million dollar bo‘lgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi.

Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.

“Biz elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirdik.

Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik”, – dedi Prezidentimiz.

Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning “Aksa elektrik” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

Aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilishi ta’kidlandi.

Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi.

Mazkur ijtimoiy loyiha keng joriy etilib, 30 mingta kambag‘al oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular o‘z ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Tadbirkorlar ham suv resurslaridan unumli foydalanib, joriy yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurishdi. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Keyingi yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr ta’minoti tubdan yaxshilanadi.

“Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik”, – dedi Prezidentimiz.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasi boshlandi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishildi.

Shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi.

Prezidentimiz qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklik mustahkamlanganini qayd etdi.

“Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz.

Shu o‘rinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etmoqchiman”, – dedi Prezidentimiz.

“Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini, albatta, to‘liq barpo etamiz.

Mazkur loyihalarda faol ishtirok etayotgan energetika sohasi vakillariga, barcha ishchilar, muhandislar va xorijlik hamkorlarimizga yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman”, – dedi davlatimiz rahbari nutqining yakunida.

Marosimda hamkor mamlakatlar energetika vazirlari va kompaniyalar rahbarlari so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika obyektini ishga tushirdi va 21 ta yangi loyiha qurilishini boshlab berdi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling