Prezident Olmaliqda uchinchi misni qayta ishlash zavodini ishga tushirdi
Prezident Olmaliqda uchinchi misni qayta ishlash zavodini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliqda (Toshkent viloyati) uchinchi misni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishida ishtirok etdi.
Muborak Ramazon hayiti hamda yasharish, yangilanish bayrami Navro‘zi ayyom arafasida yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.
“Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga – iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va albatta xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan.
Bugun ishga tushayotgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shu keng ko‘lamli ishlarimiz va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati namunasi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, – dedi Prezidentimiz.
Qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua ekani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda tog‘-kon sanoati tubdan isloh qilindi. Ilgari qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish bilan 2 ta kombinat shug‘ullanar edi.
Konlarni investorlarga berish bo‘yicha shaffof tizim yaratilgani hisobiga to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan bo‘lsa, so‘nggi to‘qqiz yilda bu yana 31 tonnaga ko‘payib, o‘tgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.
Xuddi shunday 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobarga oshirilishiga erishildi. Natijada sohada ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yil 270 trillion so‘mga yetdi.
Muhimi, yuqori daromadli eng ko‘p ish o‘rinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda ekani ta’kidlandi. Bugun ekskavator mashinisti 30 million so‘mgacha, burg‘ilash mutaxassislari va katta samosval haydovchilari 40 million so‘mgacha, geolog va marksheyderlar 70 million so‘mgacha maosh olmoqda.
Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlandi.
Xususan, Olmaliqda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi.
Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu oliygohlarda yiliga 2,5 mingga yaqin tor soha mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Natijada ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan bo‘lsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis o‘zimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.
Bu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
“Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik”, – dedi Prezidentimiz.
Misol uchun, “Yoshlik-1” koni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik “Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz” deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘ladi.
Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi.
Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda.
Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani e’lon qilindi. Mazkur korxonada ham mingdan ziyod ish o‘rinlari bo‘ladi.
Umuman, ushbu ikkita yirik quvvatlar hisobiga mis katodi ishlab chiqarishning yillik hajmi 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga, molibden 1,7 ming tonnaga yetadi.
Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasi ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Bu yiliga kombinatga qo‘shimcha 5 milliard dollar tushum degani.
Prezidentimiz kombinat bo‘yicha hali rejalar katta ekanini ta’kidladi. Yuqorida aytilgan ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlari jadal ketayotgani qayd etildi.
Ushbu yangi loyihalar ishga tushganida Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
“Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!” – dedi Prezidentimiz.
Bugun ishga tushirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi Yangi O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Marosimda kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar so‘zga chiqdi. Prezidentimiz fabrika faoliyatiga start berdi.
#Shavkat Mirziyoyev