Prezident Oʻzbekistonda oʻtkazilgan xalqaro madaniy tadbirlar va turizmni rivojlantirish loyihalari natijalarini koʻrib chiqdi
Prezident Oʻzbekistonda oʻtkazilgan xalqaro madaniy tadbirlar va turizmni rivojlantirish loyihalari natijalarini koʻrib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro madaniyat makonida oʻz mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegatlar ishtirokida muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tadbir yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim va kreativ iqtisodiyot boʻyicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mamlakatimizning Yaponiyada boʻlib oʻtgan EKSPO-2025 Butunjahon koʻrgazmasidagi ishtiroki yakunlari sarhisob qilindi. Oʻzbekistonning 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Bilimlar bogʻi” pavilyoniga 1 million nafarga yaqin odam tashrif buyurdi. Taqdim etilgan ekspozitsiyalar xalqaro miqyosda keng yoritildi hamda eng koʻp tashrif buyurilgan pavilyonlar qatoridan joy oldi. Ayni paytda Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan EKSPO-2030 koʻrgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ishlari boshlanib, maydoni 3,6 ming kvadrat metr boʻlgan pavilyon qurilishi rejalashtirilgan.
Buxoroda oʻtkazilgan birinchi Zamonaviy sanʼat biyennalesiga alohida eʼtibor berildi. 70 kun davom etgan tadbir 3,5 gektar maydonni va 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros obyektlarini qamrab oldi. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor va kurator ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etganlarning soni qariyb 1,8 million nafarni tashkil etib, jumladan, 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Oʻzbekiston 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesida doimiy ravishda ishtirok etishi esa Italiyadan sayyohlar oqimining oʻsishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Mamlakatda yirik xalqaro konsert dasturlari oʻtkazildi. Xususan, Toshkentda Jennifer Lopes, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochellining konsertlari boʻlib oʻtdi. Tadbirlarni oʻtkazish davrida mazkur shaharlarda mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshdi, bu esa turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
2025-yilda sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga koʻpaygani qayd etildi.
Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga oʻtkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Soha faoliyatini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini uygʻunlashtirib, Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yigʻimidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Mamlakatimiz turizm salohiyatini AQSh, Fors koʻrfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish boʻyicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning xalqaro turistik platformalardagi ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish hamda yirik media resurslari va fikr yetakchilarini jalb qilish vazifalari belgilandi.
Taqdimotda yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari koʻrib chiqildi.
Samarqandda “Samarqand merosi yoʻlagi” loyihasi ish boshlamoqda. Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulugʻbek rasadxonasini 6,6 kilometrlik yagona sayyohlik yoʻnalishi oʻzaro bogʻlaydi.
Samarqandda yangi “Ipak yoʻli” muzeyini qurish loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, koʻrgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, taʼlim olishga moʻljallangan hududlarni yaratish koʻzda tutilgan.
Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv koʻrgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyoda yoʻlaklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhitiga uygʻunlashtiriladi.
Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat obyektlari hamda yuqori toifali mehmonxonani oʻz ichiga oladigan koʻp funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bogʻ barpo etish nazarda tutilgan.
Muhokama yakunida Prezidentimiz madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan oʻzaro bogʻlagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida taʼkidladi.
#Shavkat Mirziyoyev