Valyuta kurslari 06/03/2026
$1 – 12175.53
UZS – -0,04%
€1 – 14151.62
UZS – 0,09%
₽1 – 155.08
UZS – -1,05%
Qidirish
Prezident Oʻzbekiston ayollarini 8-mart bilan tabrikladi va ularning mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi

Prezident Oʻzbekiston ayollarini 8-mart bilan tabrikladi va ularning mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi

Prezident Oʻzbekiston ayollarini 8-mart bilan tabrikladi va ularning mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

“Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib, maydonga chiqayotgan 22 million yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.

Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan aytganda, xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.

Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi.

Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib, birorta qonun qabul qilinmaydi.

Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollarimiz 12 ming nafardan oshdi. Ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalarimiz 6 ming nafardan oshdi. O‘tgan yili dunyo arenalarida shijoatli qizlarimiz 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Xotin-qizlarimiz hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi.

Prezidentimiz turli sohalardagi mehnati, iste’dodi va aql-zakovati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Ayollarni ishli va daromadli qilish masalasi hamisha e’tibor markazida.

O‘tgan yili xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi. Buning hisobidan 425 mingdan ortiq opa-singillarimiz tadbirkorlikka jalb qilindi.

Misol uchun, to‘qimachilik sohasida 300 nafar ayollarni band qilgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova o‘tgan yili ikkinchi fabrikani ochib, yana 100 ta ish o‘rni yaratdi. Ushbu ishbilarmon qizimiz 2025-yilda Anqara shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Xotin-qizlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasining g‘olibi bo‘ldi.

“Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, – dedi Prezidentimiz.

Joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitiladi.

Bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgan.

Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham e’tiborlidir.

Prezidentimiz Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari, bir qator xalqaro startap tanlovlari g‘olibi buvaydalik Dilafruz Jo‘raboyevaning nufuzli “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida tan olinganini alohida e’tirof etdi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi.

Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.

Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Bunda har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant beriladi.

Maktabning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.

“Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa.

Shu haftada yana bir muhim farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz”, – dedi Prezidentimiz.

Turli sabablarga ko‘ra bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekani ta’kidlandi. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylash kerakligi qayd etildi.

Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan ayollarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli, kasbi yoki hunari yo‘q. Ayrimlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan.

Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturi boshlanadi. Ular 3-6 oy kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat oladi.

Shuningdek, mahkumalarga muassasalarning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratib beriladi. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.

“Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil kirib bormoqda. Biz o‘z oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlarni qo‘yganmiz. Chunki inson baxti oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Kelajak avlod ana shu muqaddas makonda kamolga yetadi!

Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning ma’naviy tarbiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi”, – dedi Prezidentimiz.

Mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas fazilatlar qizlarimiz qalbiga buvijonlarning nasihat va o‘gitlari bilan kirishi, bunday oilada tarbiya olgan qizlarimiz yurish-turishi, odob-axloqi va hayotga munosabati bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelgani ta’kidlandi.

Bugungi sharoitda ana shu tarbiya maktabiga ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib borayotgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik ulug‘ ne’matligini yanada chuqur his etish, uni asrash har birimizning muqaddas burchimiz ekanini ta’kidladi.

Mana shunday sharoitda duogo‘y buvijonlarimiz, mo‘tabar onaxonlarimiz oilalarda bu ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuyg‘usini singdirishda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirildi.

Bayram arafasida Prezident farmoni bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga, o‘qish va ijodda, ilm-fan, sport va jamoat ishlarida faol bo‘lib kelayotgan qizlarning yana 28 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda ushbu mukofotlar egalariga tantanali ravishda topshirildi.

“Mashaqqatli, halol mehnatimiz bilan butun dunyoning e’tirofi va hurmatiga sazovor bo‘lmoqdamiz. Eng muhimi, har bir soha va tarmoqda Yangi O‘zbekiston maktabi shakllanmoqda.

Biz uchun bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni egallashda yanada birlashib, hamjihat bo‘lib mehnat qilish har qachongidan ham muhim vazifadir.

Yangi O‘zbekistonning ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim.

Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz!”, – dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.

Shuningdek, xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanadi.

Bu orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming ayolning bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.

Umuman, joriy yilda 1,5 million ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha katta marra olingan. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi.

 

Yangiliklar yangilanmoqda

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling