Poytaxtimizda “Made in Afgʻoniston Expo – Tashkent 2026” koʻrgazmasi ochildi

Poytaxtimizda “Made in Afgʻoniston Expo – Tashkent 2026” koʻrgazmasi ochildi

Poytaxtimizda “Made in Afgʻoniston Expo – Tashkent 2026” koʻrgazmasi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 25 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida ilk bor “Made in Afghanistan Expo – Tashkent 2026” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida ikki davlatning rasmiy vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, biznes doiralari vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Xususan, Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi 120 nafarga yaqin ishbilarmonlar delegatsiyasi ko‘rgazmaning asosiy ishtirokchilari sifatida qatnashdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mazkur ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdilar.

Qayd etilganidek, bunday platformalar tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ishonchli hamkorlik munosabatlarini shakllantirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi.

2025 yil davomida ikki davlat savdo aylanmasi qariyb 1,68 mlrd dollarga yaqinlashdi. Xususan, O‘zbekistonning Afg‘onistonga eksporti 1,53 mlrd dollarga teng bo‘lsa, import hajmlari 145 mln dollardan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu o‘tgan davr mobaynida o‘zaro savdo aylanmasi 50%ga o‘sganini kuzatishimiz mumkin.  2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida afg‘on kapitali ishtirokida 600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Afg‘onistonda ishlab chiqarilayotgan turli yo‘nalishlardagi mahsulotlar — oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, zargarlik, gilamchilik hamda milliy hunarmandchilik buyumlari namoyish etilmoqda.

Shu bilan birga, tadbir doirasida o‘zbekistonlik va afg‘on tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar, biznes muloqotlar, taqdimotlar va yangi hamkorlik kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.

Ko‘rgazma 28 mart kuniga qadar davom etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling