Poytaxtimizda koreyalik investorlar ishtirokida zamonaviy moliya markazi – “BoMI moliya markazi” ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida yangi moliyaviy markaz - BoMI Finance Centerning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon hamda BoMI kompaniyasi Bosh direktori Kim Dok Yon ishtirok etdi.
Yangi majmua 30 qavatli, balandligi 143,86 metr va umumiy maydoni 88 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan zamonaviy inshootdir. Binoda xalqaro standartlar asosida qurilish ishlari amalga oshirilib, 9 ballgacha bo‘lgan zilzilalarga bardoshlilik ta’minlangan. Unda 12 ta yuqori tezlikdagi intellektual boshqaruv tizimiga ega lift, shuningdek, qariyb 500 ta avtoturargoh o‘rni, jumladan elektromobillar uchun maxsus joylar mavjud.
BoMI Finance Center O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi biznes hamkorligining yangi bosqichini ifodalaydi. Bugungi kunda Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi $8 milliarddan oshdi, mamlakatimizda koreys kapitali ishtirokidagi 671 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Umumiy qiymati $4,8 milliard bo‘lgan 92 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Markazning ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash sari muhim qadam bo‘lib, O‘zbekistonda xalqaro biznes uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.