Poytaxtimizda bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro forum ish boshladi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 11/09/2025
$1 – 12360.86
UZS – 0,05%
€1 – 14479.51
UZS – -0,41%
₽1 – 145.66
UZS – -1,9%
Qidirish
Poytaxtimizda bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro forum ish boshladi

Poytaxtimizda bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro forum ish boshladi

Poytaxtimizda bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro forum ish boshladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Toshkent shahrida bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘z ishini boshladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Senat Raisi Tanzila Narbayeva bolalar huquqlarini taʼminlash va ularning har tomonlama barkamol rivojlanishi har qanday jamiyat barqaror taraqqiyotining asosiy poydevori ekanini taʼkidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunlar, mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

 Parlamentimizda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakilning mustaqil instituti faoliyat olib boradi, u har yili bolalarning ahvoli va qonunchilik holati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Keng ko‘lamli institutsional islohot amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoya agentligi tashkil etildi, bolalar huquqlari bo‘yicha hududiy vakillar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, Bosh vazir va hokimlar rahbarligida bolalar ishlari bo‘yicha komissiyalar joylarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Taʼkidlanishicha, mamlakatlarimiz kelajagi bevosita bolalar huquqlarini qanchalik samarali himoya qila olishimizga, ularning har tomonlama taʼlim-tarbiya olishi va salomatligi uchun sharoit yaratib berishimizga bog‘liq. Shu bois forum doirasida nafaqat milliy tajriba, balki qo‘shma tashabbus va saʼy-harakatlar muhokama etilayotgani alohida ahamiyatga ega.

Senat Raisi nutqida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi maslahat uchrashuvlari hamkorlikning samarali platformasiga aylangani qayd etildi. Ushbu jarayon asosida Parlamentlararo forum, Yetakchi ayollar muloqoti, Yoshlar muloqoti, shuningdek, mintaqaviy dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan qator tuzilmalar tashkil etilgani taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Bolalar huquqlari bo‘yicha vakillarning mintaqaviy platformasi yaratilayotgani muhim qadam sifatida qayd etildi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlarining muloqoti va o‘zaro hamkorligi uchun samarali mintaqaviy platforma yaratishdir.

Ushbu platforma bola huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashishga, umumiy muammolarni samarali hal etishga, mintaqaviy va transmilliy tahdid hamda chaqiriqlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari institutlari salohiyatini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forum kun tartibidan mintaqadagi bolalar vaziyatining milliy monitoringini olib borish, Internet makonida bolalar xavfsizligini taʼminlash, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar yaratish hamda bolalarning odil sudlovdan foydalanishini taʼminlash kabi masalalar o‘rin olgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling