Poytaxtda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi
Poytaxtda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi.
Poytaxtda aholi va iqtisodiyot obyektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash maqsadida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi.
Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt boʻlgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir.
Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya yoʻnaltirildi.
Davlatimiz rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi.
Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari oʻrnatildi.
Qozonxonalardan isteʼmolchilargacha boʻlgan issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yoʻqotishlarining oldini olish imkonini beradi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.
Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Poytaxtda 11 ming 630 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.
– Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur, — dedi Prezident.
Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas’ullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
#Shavkat Mirziyoyev