Poytaxtda shahar transportini yaxshilash maqsadida 50 kilometrdan ortiq uzunlikdagi BRT tizimi yaratiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025–2030 yillar davomida Toshkent shahrida tezyurar avtobuslar tizimi — BRT (Bus Rapid Transport) uchun deyarli 51 kilometr uzunlikda alohida harakat yo‘laklari barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida shaharga kirish va chiqish postlarini ham ko‘chirish nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur taklif Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan maʼqullangan.
Baxtiyor Haydarov taʼkidlashicha, BRT tizimining umumiy uzunligi 50,6 kilometrni tashkil etadi. Tizim Toshkentning 10 ta ko‘chasida joriy etiladi, bu borada Shota Rustaveli ko‘chasidagi harakatni tashkil etish tajribasi hisobga olinadi.
Yaqin besh yil ichida BRT quyidagi yo‘nalishlarda joriy etiladi: Shota Rustaveli (5,1 km), Shahrisabz (3,2 km), Amir Temur (5,7 km), Yangi Sergeli (5,3 km), Maxtumquli (1,3 km), Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yuzirobod (10,4 km), Lutfiy va Muqimiy (5,9 km), Nuravshon (3,7 km), Qoratosh – Ko‘kcha darvoza (4 km) hamda Alisher Navoiy – Beruniy (6 km).
Loyihaning umumiy qiymati 126 million dollarga baholanmoqda. U amalga oshirilgandan so‘ng, 2030 yilga borib, tizim orqali yiliga taxminan 1,14 million yo‘lovchi tashilishi taʼminlanadi.
Kutilayotgan natijalarga ko‘ra, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi soatiga 18 kilometrdan 23 kilometrgacha oshadi, reyslar orasidagi interval 20 daqiqadan 8–10 daqiqagacha qisqaradi, shahar markazigacha bo‘lgan sayohat vaqti esa 45 daqiqadan 34 daqiqagacha kamayadi.