Poytaxt Parking O'zbekistonda savdolashishda dominant kuchga ega deb tan olingan
Poytaxt Parking O'zbekistonda savdolashishda dominant kuchga ega deb tan olingan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, joriy yilning 22 dekabr kunidan eʼtiboran ”Streetpark Systems” MCHJ (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etildi.
"Raqobat to‘g‘risidagi" Qonunning 18-moddasiga muvofiq ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari TAQIQLANADI:
tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;
isteʼmolchilarning zarur hajmdagi tovarni va lozim darajadagi sifatli tovarni olishga bo‘lgan huquqlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yish;
shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;
tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish;
shartnoma tuzishga faqat kontragent tomonidan boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi sharti bilan rozilik berish;
tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etish;
tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishi uchun to‘siqlar yaratish;
narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qo‘llaniladigan tovarlar uchun belgilangan narxdan ortiq haq olish yoki narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibini buzish, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar yoki bepul ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun haq olish;
boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni olishni yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash.