Pop tumanida Arashan Resort turistik majmuasining poydevori qo'yildi
Pop tumanida Arashan Resort turistik majmuasining poydevori qo'yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati turizm sohasida yangi bosqich boshlanmoqda: Pop tumanida “Arashan Resort” yirik turistik majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Tog‘oldi hududi hisoblangan Pop tumanida turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda ana shu tabiiy boylik - betakror va maftunkor tabiatdan unumli foydalangan holda viloyatga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Arashan ko‘llar tizimi atrofida barpo etilayotgan “Arashan Resort” majmuasi ana shunday istiqbolli loyihalardan biridir.
Umumiy qiymati 150 million dollar bo‘lgan loyiha 600 gektar maydonda tashkil qilinib, zamonaviy turizm infratuzilmasiga ega bo‘lgan yirik dam olish va sayohat markaziga aylanadi.
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida “Arashan Resort” majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi qo‘shaloq shodiyonaga aylanib ketdi.
Tadbirda viloyat hokimi boshchiligida huquqni muxofaza etuvchi idoralar, Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan qutlab, turizm yo‘nalishidagi yangi loyiha mohiyati haqida to‘xtaldi.
Taʼkidlandiki, loyiha to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng kunlik 2,5 ming nafar sayyohni qabul qilish, yillik 912 ming nafar turistga xizmat ko‘rsatish, 2 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, majmua doirasida ekologik turizm zonalari, ekstremal va tog‘ turizmi infratuzilmalari, gastronomik turizm markazlari, sayohat va madaniy dam olish maskanlari, rekreatsion va sog‘lomlashtirish hududlari tashkil etiladi.
Bu yerda tematik parklar, tog‘ chang‘isi komplekslari, ziplayn, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, ekobozor, bolalar maydonchalari, sport maydonlari hamda termal suv basseynlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur loyiha Yaponiyaning nufuzli “NGEA – Nippon Global Education and Assessment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu esa majmuaning xalqaro standartlar asosida barpo etilishiga xizmat qiladi.
Tamal toshi qo‘yish marosimida yaxshi niyatlar bilan jonliq so‘yilib, nuroniylar duosi bilan ezgu ishga oq fotiha berildi.
El suygan xonandalar, estradamiz yulduzlari — Gulasal Abdullayeva, Nilufar Usmonova, Yahyobek Mo‘minov va boshqalarning dilrabo qo‘shiqlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.