Polsha kompaniyasi Oʻzbekistonda dehqonchilik va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga investitsiya kiritishga tayyor
Polsha kompaniyasi Oʻzbekistonda dehqonchilik va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga investitsiya kiritishga tayyor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “Hands Man Food” kompaniyasi bosh direktori Lukash Kojyol va texnolog Dariush Vasiluk bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat jarayonida mamlakatimizdagi investitsiya muhiti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport imkoniyatlari xususida fikr-mulohazalar almashildi.
“Hands Man Food” kompaniyasi 2009-yildan buyon meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish, qayta ishlash, muzlatish va ularni Yevropa Ittifoqi bozorlarida sotishga ixtisoslashgan. Kompaniya geografiyasi besh qitʼadagi 20 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan.
Lukash Kojyol O‘zbekistondan mahsulotlar yetkazib berish hajmlarini kengaytirishda logistika hamda ayrim mahsulotlarning Yevropa Ittifoqi talab va standartlariga to‘liq mos kelmasligi holatlari kuzatilayotganini qayd etdi.
Shu munosabat bilan, polyak tomoni O‘zbekistonda qayta ishlash quvvatlariga, shuningdek fermer xo‘jaliklari va bog‘dorchilik loyihalarini rivojlantirishga investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda xorij tomoni bilan mahsulotni qayta ishlashning ayrim bosqichlarini O‘zbekiston hududida lokalizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, dastlabki bosqichda malina va gilos yetishtirish, keyinchalik ularni qayta ishlash va muzlatilgan holda eksport qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, Yevropa Ittifoqi talablarini bosqichma-bosqich joriy etish, ehtimoliy kooperatsiya doirasida yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirish borasida ham fikr almashildi. Yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlarni muzlatilgan holda Yevropa Ittifoqi bozorlariga, jumladan, Polshaga eksport qilish orqali barqaror ishlab chiqarish va logistika zanjirini shakllantirish borasida ham kelishuv amalga oshirildi.
Polyak tomoni hamkorlikning amaliy jihatini muhokama qilish maqsadida 2026-yil mart oyida L.Kojyol boshchiligidagi biznes delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Namangan viloyati hokimligida uchrashuvlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.