Pokistonning Royal Leather Industries kompaniyasi O'zbekistonda charm buyumlar ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirmoqda
Pokistonning Royal Leather Industries kompaniyasi O'zbekistonda charm buyumlar ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston–Pokiston iqtisodiy hamkorligini yanada faollashtirish doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi oldidan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zcharmsanoat uyushmasiga a’zo korxonalar faol ishtirok etib, mahalliy charm mahsulotlarini xalqaro hamkorlarga taqdim etdi. Mazkur tadbir doirasida kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Imzolangan hujjatlar doirasida Pokiston kompaniyasi bilan O‘zbekistonda tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Loyiha mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport yo‘nalishlarini kengaytirishga qaratilgan.
Joriy yilning fevral oyida Royal Leather Industries Limited kompaniyasi rahbari Muhammad Azam Malik boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan kichik sanoat zonasi hududida tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish loyihasi amaliy jihatdan muhokama qilinadi.
Ayni paytda kompaniya vakillarining tashrifi davomida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar yuzasidan kichik sanoat zonasi mas’ullari bilan tashkiliy va texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Pokiston tomoni loyiha bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzolashga tayyor ekanini bildirgan, shuningdek, joriy yil fevral oyida kompaniyaning ishchi guruhi O‘zbekistonga xizmat safari bilan kelishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston charm sanoatining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mamlakatimizning tayyor mahsulotlar eksporti ulushini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.