Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 29/05/2025 Pokistonning Hub Leather, Muhammad Ashraf va Irfan Nova kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Pokistonning Hub Leather, Muhammad Ashraf va Irfan Nova kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari A.To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning iqtisodiy markazi Karachi shahrida bo‘lib turibdi. Tashrifning asosiy maqsadi — ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, xususan charm sanoatidagi istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlashdan iborat bo‘ldi.

Tashrif doirasida Karachidagi yetakchi charm ishlab chiqaruvchi — Hub Leather, Muhammad Ashraf (Pvt) Ltd., va Irfan Nova Leather kompaniyalari rahbarlari bilan keng miqyosdagi muzokaralar o‘tkazildi.

Yillik 40 million dollarlik tovar aylanmasi va 30 million dollarlik eksport hajmiga ega Hub Leather xalqaro brendlar — Zara, PME Netherlands, Mauritius Germany kabi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya 700 nafar xodim bilan yiliga 1,5 million detsimetr charm qayta ishlaydi. Faoliyat LWG, GTW, Sedex kabi xalqaro ekologik standartlarga to‘liq javob beradi.

Kompaniya rahbari janob Rehan qo‘shma loyihalar yuzasidan aniq muzokaralar o‘tkazish maqsadida 2025 yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.

Eksport hajmi bo‘yicha Pokistonning yetakchi charm korxonalaridan sanalgan Muhammad Ashraf (Pvt) Ltd. 28 million dollarlik tovar aylanmasi va 22 million dollarlik eksport hajmiga ega. Zara, Vercachu, Armani, Trussardi, Bengo, Mango kabi brendlarga mahsulot yetkazadi. 1100 nafar xodim bilan yiliga 1,1 million detsimetr charm qayta ishlaydi. Ishlab chiqarish jarayonlari LWG, GTW, BSCI, Sedex, SMETA sertifikatlariga muvofiq.

Janob Atif O‘zbekistonda “Ashraf Uzbekistan” nomli korxona tashkil etish niyatida bo‘lib, iyun oyida mamlakatimizga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

1987 yilda tashkil etilgan Irfan Nova Leather yiliga 25 million dollarlik eksportga ega bo‘lib, xom charmdan tayyor kiyimgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni amalga oshiradi. Yiliga 3 million dona xom charm, 60 ming charm kurtka va 50 mingdan ziyod tayyor mahsulot eksport qilinadi. Mahsulotlarning 80% Zara brendiga, shu jumladan ayollar kiyimlariga yetkaziladi.

Kompaniya 1300 nafar xodimga ega va LWG, OEKO TEX, GTW, Sedex, BSCI, ISO kabi xalqaro standartlarga mos ishlaydi. Zarur kimyoviy moddalar asosan Yevropa davlatlaridan olib kelinadi. Janob Irfan iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, hamkorlikni amaliyotga joriy etishni rejalashtirmoqda.

Xulosa o‘rnida, Karachidagi muzokaralar natijasida yetakchi uch kompaniya O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirishni kengaytirish va eksportni oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda investorlarga barcha zarur huquqiy va tashkiliy ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqlaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling