Pokistonning “Alliance Plus Co” kompaniyasi Sirdaryodan finish charm xarid qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokistonning charm sanoati korxonalaridan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, mahalliy ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlar avvalo “Peng-Sheng Charm” MChJ korxonasida bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini o‘rganishdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif doirasida muhim kelishuvga ham erishildi. Pokistonning “Alliance Plus Co” kompaniyasi mahalliy korxonamizdan charmning finish shaklini xarid qilish bo‘yicha kelishib oldi. Bu esa ikki davlat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi savdo aloqalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Sirdaryoda amalga oshirilgan uchrashuvlar O‘zbekiston charm sanoatining xalqaro bozordagi nufuzini yanada mustahkamlab, mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talab kengayayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Yangi shartnoma esa ikki davlat ishbilarmonlari uchun uzoq muddatli hamkorlikka asos bo‘lib xizmat qiladi.