Pokistonda to‘qimachilik sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat”uyushmasi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Pokistonning Karachi shahrida bo‘lib, mamlakatning yetakchi to‘qimachilik korxonalaridan biri — Zaman Textile Mills Ltd. rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qariyb 6 000 nafar xodim faoliyat yuritadigan ushbu korxonada xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, to‘qish va bo‘yash jarayonlari ham mavjud.
O‘zbekiston delegatsiyasi korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari va texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Zaman Textile Mills Ltd. tomonidan O‘zbekistonda uy tekstili ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Pokistonlik tadbirkorlar o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish va mahalliy bozorda faoliyat yuritishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston to‘qimachilik sohasining investitsiyaviy muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatlari, malakali ishchi kuchi hamda industrial zonalardagi zamonaviy infratuzilma haqida taqdimot o‘tkazdi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sohaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘lib, yengil sanoatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish aloqalarini kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.