Pochta sohasida Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8–19-sentabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Butunjahon pochta ittifoqi(UPU)ning 28-kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi J. Egamberdiyev boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etdi.
Butunjahon pochta ittifoqi — jahon miqyosidagi pochta aloqalarini muvofiqlashtirish, standartlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan BMTning ixtisoslashgan tashkiloti bo‘lib, unga dunyoning 190 dan ziyod mamlakati a’zo hisoblanadi.
Dubayda o‘tkazilgan 28-kongress davomida xalqaro pochta sohasidagi muhim masalalar muhokama qilinib, kelgusi to‘rt yillik (2026–2029) faoliyat davri uchun strategik yo‘nalishlar belgilandi. Kongress doirasida bir qator plenar va Komissiya yig‘ilishlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlar xalqaro pochta tizimining rivojlanishi, raqamli transformatsiyasi, logistika infratuzilmasini takomillashtirish va aholiga ko‘rsatiladigan pochta-moliya xizmatlarining sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Plenar yig‘ilishlarda qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Butunjahon pochta ittifoqi ishchi organlarining — Xalqaro byuro, Ma’muriy kengash, Pochta xizmatlarini amalga oshirish kengashi, Maslahatchi qo‘mita va Komissiyalarning hisobotlari tinglanib, ma’qullandi.
2026–2029 yillarga mo‘ljallangan BPIning navbatdagi strategik rejasi – “Dubay davri” strategiyasi tasdiqlandi.
Pochta xizmatlari sohasidagi global muammolar, imkoniyatlar va kelajak istiqbollari yuzasidan diskussiyalar va fikr almashinuvlar tashkil etildi.
Shuningdek, Xalqaro byuroning yangi Bosh direktori va uning o‘rinbosari, shuningdek, Pochta xizmatlarini amalga oshirish kengashi va Ma’muriy kengashning yangi a’zolari saylandi.
Komissiyalar yig‘ilishlari chog‘ida esa UTU a’zo mamlakatlari tomonidan taqdim etilgan yuzlab takliflar ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati pochta-moliya xizmatlari, elektron pochta platformalarini rivojlantirish, logistika tizimini yaxshilash, hamda jahon miqyosida to‘lov mexanizmlarini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 11 ta taklif kiritildi va ulardan 9 ta taklif Pochta to‘lov xizmatlari to‘g‘risidagi kelishuvga, 2 ta taklif Butunjahon pochta konvensiyasiga kiritildi.
Bu takliflarning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzi ortib borayotganidan, mamlakatimizda pochta sohasi rivoji uchun olib borilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.