Pep Gvardiola “Brayton” bilan durangdan so‘ng Abduqodir Husanovni maqtadi
Pep Gvardiola “Brayton” bilan durangdan so‘ng Abduqodir Husanovni maqtadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola chәrshanba kuni Angliya Premyer-ligasi doirasida “Brayton”ga qarshi uyda o‘tgan va 1:1 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin debyutant Maks Alleyn hamda markaziy himoyadagi uning sherigi — O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning o‘yinini yuksak baholadi.
Hafta boshidagina “Uotford”dagi ijaradan “Siti” tarkibiga qaytgan Alleyn va Husanov “shaharliklar”ning yangilangan himoya chizig‘i markazida juftlik hosil qildi. Ikki himoyachi ham chempionatning eng dinamik va tajovuzkor jamoalaridan biriga qarshi ishonchli harakat qilib, individual o‘yinning yuqori darajasini namoyish etdi.
«Manchester Siti» hisobni 40-daqiqada ochdi — Erling Xoland penaltini aniq amalga oshirdi, ammo tanaffusdan so‘ng Kaoru Mitoma 60-daqiqada gol urib, hisobni tenglashtirdi. Natijada Gvardiola jamoasi ustunlikni saqlab qololmadi va ketma-ket uchinchi o‘yinda durang qayd etdi.
Uchrashuv yakunlarini sarhisob qilar ekan, ispaniyalik mutaxassis yosh markaziy himoyachilarning hissasini alohida taʼkidlab, ularning salohiyati va istiqbolini qayd etdi.
«Ular ajoyib o‘ynashdi. Husanov esa juda ajoyib edi. U bizga, ayniqsa, himoya ortiga uzatilgan uzun to‘plar paytida juda katta yordam berdi», — dedi Gvardiola.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachi maydon kengligini ishonchli nazorat qildi va himoyada yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. «U yana o‘sadi, unga to‘pni aylantirish va hujumlarni qurishda ko‘proq ishtirok etish kerak, lekin bu vaqt masalasi. Bugun u eng yuqori darajada harakat qildi», — deya qo‘shimcha qildi “Siti” ustozi.
Gvardiola Maks Alleynning o‘yinini ham alohida qayd etib, himoyachi o‘yindan atigi ikki kun oldin jamoaga qo‘shilgani va faqat bitta mashg‘ulot o‘tkazishga ulgurganini taʼkidladi. «Albatta, u avval ham biz bilan ko‘p mashg‘ulot qilgan. Men “Uotford” va Xavi Grasiyaga minnatdorchilik bildirmoqchiman — ular uni futbolchi sifatida o‘sishiga katta yordam berishdi», — dedi u.
Murabbiyning taʼkidlashicha, Alleyn o‘tish fazalarida tezkor harakat qildi va butun o‘yin davomida ishonchli o‘ynadi. «U to‘p bilan bir marta xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo qolgan barcha jihatlarda juda aʼlo edi», — dedi Gvardiola.
«Afsuski, bugun Premyer-ligada g‘alabaga erisha olmadik, ammo kelajakda uning bunday g‘alabalari yana juda ko‘p bo‘ladi», — deya xulosa qildi «Manchester Siti» bosh murabbiyi.
#Abduqodir Husanov