Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 1 sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida O‘zbekiston Turizm ofisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir oliy darajadagi rasmiy tashrif doirasida o‘tkazilib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘ldi.
Marosimda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, Xitoy Sanoat va savdo federatsiyasi Pekin tashqi va madaniy savdo assotsiatsiyasi ijroiya direktori Chi Lu, Xitoyning yetakchi turizm kompaniyalari va boshqa rasmiy mehmonlar ishtirok etdilar.
Nutqlarda taʼkidlanishicha, Pekinda Turizm ofisining ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turizm aloqalarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, Xitoyning yirik turoperatorlariga o‘zbek bozoriga chiqishda ko‘maklashadi, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va turizm sohasiga investitsiyalar jalb etish maydoniga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbuslari tufayli oxirgi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm hamkorligi jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Muxim qadamlardan biri sifatida 2025 yil 1 iyundan 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgani, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida haftasiga 50 dan ortiq muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani va ular sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.
Hamkorlikka qo‘shimcha turtki sifatida 2025 yil «O‘zbekiston turizmi yili Xitoyda» deb eʼlon qilindi. Yil davomida O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyning to‘qqiz yirik shahrida taqdimotlar va roud-shoular o‘tkazdi, turizm ko‘rgazmalarida ishtirok etdi, yil oxirigacha mamlakatning boshqa hududlarida ham yangi promoaksiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbek tomoni oldiga katta maqsad qo‘ygan — 2030 yilga qadar Xitoydan keladigan sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazish.
Pekinda Turizm ofisining ochilishi bu maqsadga erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Marosim yakunlanishida O‘zbekiston vakillari xitoylik mehmonlarni mamlakatga tashrif buyurishga taklif etib, respublika Xitoy turistlari uchun ochiq, mehmondo‘st va qulay yo‘nalish ekanini taʼkidladilar.