“Paxtakor” bosh murabbiy Pedru Moreyra bilan o‘zaro kelishuv asosida xayrlashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Paxtakor” futbol klubi bosh murabbiy Pedru Moreyra va uning murabbiylar shtabi bilan hamkorlikni yakunlaganini eʼlon qildi.
Klub bayonotida tomonlar shartnomani o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilgani taʼkidlangan. Klub rahbariyati portugaliyalik mutaxassis va uning yordamchilariga amalga oshirilgan mehnatlari uchun minnatdorlik bildirib, ularga kelgusidagi faoliyatlarida omad tilagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil may oyidan beri Pedru Moreyra qisqa muddatli taʼtilda bo‘lgan va bosh murabbiy vazifasini Kamoliddin Tojiyev bajarib kelayotgan edi.
Shuningdek, may oyidan beri jiddiy jarohat tufayli maydonga chiqmagan braziliyalik yarim himoyachi Jonatan Lukka bilan ham shartnoma bekor qilingani maʼlum qilindi.