Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasida O‘zbekistonning insonparvarlik sohasidagi tashabbuslari ilgari surildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Parlamentlararo ittifoq 151-assambleyasining “Inqiroz sharoitida insonparvarlik meʼyorlariga rioya qilish va insonparvarlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi yalpi majlisida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi ishtirok etdi.
Senat Raisi o‘z chiqishida dunyoda kechayotgan turli nizolar, inqirozlar va gumanitar tahdidlar millionlab insonlarning hayotiga jiddiy salbiy taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidladi. Bunday sharoitda parlamentlar insonparvarlik tamoyillarini ilgari surish va inson hayotini asrashda hal qiluvchi rol o‘ynashi zarurligi alohida qayd etildi.
Assambleyada O‘zbekistonning insonparvarlik sohasidagi tashabbuslari ilgari surildi. Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 120 dan ziyod qurolli to‘qnashuvlar natijasida 310 millionga yaqin insonlar yordamga muhtoj bo‘lib, bu insonparvarlik meʼyorlariga rioya qilish masalasini yana-da dolzarb etmoqda.
O‘zbekiston xalqaro insonparvarlik harakatlarida faol ishtirok etib, notinch mintaqalardagi muhtoj aholiga uy-joy, tibbiy xizmat va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish orqali amaliy yordam bermoqda. Bu saʼy-harakatlar mamlakatimizning insonparvarlik va xalqaro hamjihatlik tamoyillariga sodiqligini yaqqol namoyon etmoqda.
Majlis doirasida parlamentlar o‘rtasida qonunchilik va raqamli hamkorlikni chuqurlashtirish, gumanitar resurslarni samarali va manzilli yo‘naltirish, global tashabbuslarga moliyaviy ishtirokni kengaytirish, shuningdek, insonparvarlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga oid aniq takliflar ham ilgari surildi.
Taʼkidlanganidek, insonparvarlik – tinchlikning huquqiy kafolati, barqaror taraqqiyotning maʼnaviy poydevoridir. Shu bois, bu jarayonda parlamentlarning roli tobora oshib bormoqda.