Parlamentlar kamsitishga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirmoqda
Parlamentlar kamsitishga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 18 dekabr kuni Jenevada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida Parlamentlararo Ittifoq tomonidan onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir turli davlatlar, jumladan O‘zbekistonning milliy tajribasi asosida parlament amaliyotida kamsitishga qarshi kurashish va tenglikni rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar tahliliga bag‘ishlandi.
Davra suhbatiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi aʼzosi, akademik Akmal Saidov moderatorlik qildi. Muloqotlarda BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi vakili Kristel Vuanga, Kongo Demokratik Respublikasining Gender, bolalar va oila masalalari qo‘mitasi raisi, Malayziya parlamenti deputati Siyerlina Abdul Rashid, Braziliya Federal Senati aʼzosi va BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi aʼzosi Mara Gabrilli, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi xodimi Klod Kan va boshqalar ishtirok etdi.
Davra suhbati Parlamentlararo Ittifoqning "Gender tenglikka erishish: harakatdan-harakatga" kampaniyasi doirasida o‘tkazildi. Bu kampaniya gender kamsitishining barcha shakllariga qarshi qonunchilik tashabbuslarini rag‘batlantirish va xotin-qizlarni turli-tumanliklarini hisobga olgan holda parlament faoliyatiga keng jalb etishga qaratilgan. Muhokamalar interfaol tarzda va ingliz tilida olib borildi.
Tadbirda asosiy eʼtibor parlamentlar inson huquqlari sohasidagi global majburiyatlarni kamsitishga qarshi amaliy choralarga qanday aylantirishi mumkinligiga qaratildi. Ishtirokchilar qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda, parlament nazoratini kuchaytirishda hamda taʼlim, sog‘liqni saqlash va ozchiliklar huquqlarini himoya qilish kabi sohalarda byudjet siyosatini shakllantirishda BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajribalarini baham ko‘rdilar.
Bunda qaysi yondashuvlar eng samarali bo‘lgani, parlament aʼzolari qanday to‘siqlarga duch kelgani va BMT qo‘mitalari bilan hamkorlik barqaror natijalarga erishishga qanday yordam berayotganiga alohida ahamiyat berildi.
Parlament aʼzolari kamsitishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tajribalari xususida so‘z yuritdilar. Kamsitishga qarshi qonunlarni qabul qilish va amalga oshirish, zarur mablag‘larni ajratish, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha parlament tomonidan qilingan ishlar yuzasidan o‘zaro fikrlashildi.
Akademik A.Saidov taʼkidlaganidek, kamsitishga qarshi kurash bir martalik harakat emas, balki hokimiyatning barcha tarmoqlari izchil ishlashini talab qiladigan uzoq muddatli strategiyadir. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari bilan parlament va institutsional hamkorlikning yaxlit tizimi shakllantirilgan. Ularning tavsiyalari kamsitishga qarshi qonun hujjatlarini ishlab chiqishda, parlament nazoratini kuchaytirishda va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda izchil ravishda qo‘llanilmoqda.
"Bugungi kunda parlamentlar oldida nafaqat xalqaro normalarni moslashtirish, balki ularni amalda ishlaydigan va har bir insonning huquq va erkinliklarini haqiqatan himoya qiladigan holatga keltirishga erishish vazifasi turibdi", – dedi A.Saidov.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida bildirgan fikrlari alohida ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari parlamentlar tinchlik, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda muhim o‘rin tutishini taʼkidlab, Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning yubiley Assambleyasi o‘tkazilishi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar va parlamentarizm rivojlanishining xalqaro eʼtirofi ekanini qayd etgani bejiz emas.
Davra suhbatida parlament aʼzolari o‘rtasida tajriba almashildi. Kamsitishga qarshi kurashish bo‘yicha parlament mexanizmlarini kuchaytirish, jumladan, qonunlar qabul qilish, ularning ijrosini nazorat qilish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorlik, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari bilan hamkorlikni takomillashtirish uchun zarur chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar, shuningdek, asosiy muammolar, qarshiliklarni yengib o‘tish strategiyalari va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi parlament faoliyatini yana-da rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab oldilar.