Parlament deputatlar va ekspertlarning takliflarini inobatga olgan holda shovqin to'g'risidagi qonun loyihasini qayta ko'rib chiqish uchun qaytardi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilganidek, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari va soha mutaxassislarining takliflari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlangan va takomiliga yetkazilgan.
Xususan, loyiha bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi yetti soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) sakkiz soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda. Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.
Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan ko‘p kvartirali uylarda shovqining yo‘l qo‘yiladigan darajasidan oshadigan qurilish va ta’mirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Ayrim normalarni aholi manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zarurligi aytildi. Qonun loyihasi mas'ul qo'mita tomonidan takomillashtirilgach, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko'rib chiqiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini maromiga yetkazish maqsadida mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.