Valyuta kurslari 12/12/2025
$1 – 12047.45
UZS – 0,22%
€1 – 14099.13
UZS – 0,79%
₽1 – 151.90
UZS – -2,31%
Qidirish
Paralimpiya sport turlari yanada rivojlantiriladi

Paralimpiya sport turlari yanada rivojlantiriladi

Paralimpiya sport turlari yanada rivojlantiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Paralimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar paralimpiya sport turlarini (parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo, parasuzish, parapauerlifting, parao‘q otish) yana-da rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

nogironligi bo‘lgan shaxslarning paralimpiya sport turlariga qiziqishini oshirish hamda zarur shart-sharoitlarni yaratish;

terma jamoalar uchun sport zaxirasini yaratish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish.

Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashning quyidagi takomillashtirilgan tartibi joriy etiladi:

nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyati va qiziqishiga qarab, ularning boshqa sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishi hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishiga sharoit yaratiladi;

haqiqiy talabdan kelib chiqib, har bir hududda ayrim davlat sport maktablari paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

paralimpiyachilarni tayyorlashda ularning nogironlik toifasini (klassifikatsiyasini) barvaqt aniqlash amaliyoti joriy etiladi;

paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning puxta tayyorgarligini tashkil qilish uchun har bir sport turi bo‘yicha alohida sport bazalari biriktiriladi.

2026 yil 1 yanvardan paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika terma jamoalarini shakllantirishning quyidagi yangi tartibi joriy etiladi:

paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirishda sportchilarning tegishli sport musobaqalaridagi natijalari bilan birga sport normativlarini bajarishi natijasi ham inobatga olinadi;

sport terma jamoalari sport normativlariga muvofiq shakllantiriladigan paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempionati yoki kubogi o‘tkazilishi majburiy hisoblanmaydi;

“ERP-sport” elektron boshqaruv tizimida paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanayotgan sportchilarning sport natijalari kiritib boriladi va ularning sport normativlarini bajarishi ustidan monitoring yuritish uchun zarur texnik imkoniyatlar yaratiladi.

Shuningdek, Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi.

Paralimpiya markazi Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Olimpiya shaharchasiga joylashtiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling