“Oʻzbekneftgaz” va SOCAR qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishni muhokama qilishdi
“Oʻzbekneftgaz” va SOCAR qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov “SOCAR” kompaniyasi vitse-prezidenti Arzu Javadova bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida oʻzaro hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilinib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi uchrashuvdan keyin tomonlar hamkorligi izchil rivojlanib, sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, qoʻshma faoliyat toʻgʻrisidagi kelishuv imzolanib, barcha zarur korporativ tasdiqlar olindi.
Kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlik Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik ruhida rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Bu esa neft-gaz sohasidagi qoʻshma tashabbuslarni yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Ozarbayjon tomoni erishilgan natijalar va hamkorlikdagi ijobiy dinamikani yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.