Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 milliard dollarga yetdi
Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 milliard dollarga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil yanvar–oktabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 66,5 mlrd AQSH dollariga yetdi va 2024-yilning yanvar-oktabriga nisbatan 11 752,3 mln AQSH dollariga yoki 21,5 % ga koʻpaydi.
TSAda eksport hajmi 29 005,9 mln AQSH dollariga (2024-yilning yanvar–oktabr oylariga nisbatan 27,8 %ga oʻsdi) va import hajmi 37 533,4 mln AQSH dollariga (16,9 % oʻsish) yetdi. Hisobot davrida tashqi savdo balansi 8 527,5 mln AQSH dollari miqdorida manfiy saldo bilan shakllandi.
Oʻzbekiston jahonning 210 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (19,7 %), Rossiya (15,9 %), Qozogʻiston (5,9 %), Turkiya (3,7 %) va Koreya Respublikasi (2,2 %) hissasiga toʻgʻri keldi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 73,3 % ni tashkil etib, unda asosan sanoat tovarlari (10,9 %), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,2 %), kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (6,0 %) va har xil tayyor mahsulotlar (4,9 %) hissasi yuqori boʻldi.
2025-yilning yanvar–oktabr oylarida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti boʻyicha asosiy hamkorlarimiz Rossiya (12,6 %), Xitoy (5,6 %), Qozogʻiston (4,1 %), Afgʻoniston (4,1 %), Turkiya (3,2 %), Fransiya (2,7 %), BAA (2,1 %), Qirgʻiz Respublikasi (1,7 %), Tojikiston (1,6 %) va Pokiston (1,1 %) kabi davlatlar boʻldi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 38,8 % ni tashkil etdi.
2025-yil yanvar–oktabr oylarida 1 821,8 ming tonna meva va sabzavotlar eksporti amalga oshirilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 7,3 % yoki 124,0 ming tonnaga oshdi.
2025-yil yanvar–oktabr oylarida 1 724,3 mln AQSH dollariga teng meva va sabzavotlar eksport qilindi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 39,7 % ga oʻsdi va jami eksportdagi ulushi 5,9 % ni tashkil etdi.
2025-yil yanvar–oktabr oylari yakuni boʻyicha 2 053,3 mln AQSH dollarilik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 7,1 % ini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 15,5 % ga kamaydi.
Eksport qilingan toʻqimachilik mahsulotlari tarkibida tayyor toʻqimachilik mahsulotlari (51,4 %), ip kalava (28,5 %) asosiy ulushni egallagan.
2025-yil yanvar–oktabr oylarida xizmatlar eksporti hajmi 7 754,1 mln AQSH dollarini yoki jami eksport hajmining 26,7 % ini tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 32,8 % ga oʻsdi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi safarlar (53,1 %), transport (30,9 %), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (8,1 %) va boshqa tadbirkorlik bilan bogʻliq xizmatlar (3,2 %) hissasiga toʻgʻri kelgan.
Ushbu davrga kelib import hajmi 37 533,4 mln AQSH dollariga yetdi va 2024-yilning mos davriga nisbatan 16,9 % ga oʻsdi. Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (34,0 %), sanoat tovarlari (15,8 %) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,3 %) hisobiga toʻgʻri keldi.
Tovarlar importi dinamikasi tahliliga koʻra, 2025-yilning yanvar–oktabr oyida import qilingan tovarlar hajmi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 448,9 mln AQSH dollariga koʻpaydi va 33 466,7 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 4 066,7 mln AQSH dollariga yetdi.
2025-yil yanvar–oktabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasi 177 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yirik hamkor davlatlar, jumladan, Xitoy (30,6 %), Rossiya (18,5 %), Qozogʻiston (7,3 %), Turkiya (4,0 %), Koreya Respublikasi (3,7 %), Germaniya (2,5 %) va Hindiston (2,5 %) jami importning 2/3 qismini tashkil etdi.
2025-yilning yanvar–oktabr oylari yakuni bilan xizmatlar importi hajmi 4 066,7 mln AQSH dollarini yoki jami import hajmining 10,8 % ini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 32,2 % ga oshdi.
Xizmatlar importi tarkibida asosiy ulush safarlar (51,3 %), transport xizmatlari (20,1 %), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (10,9 %) va boshqa tadbirkorlik bilan bogʻliq xizmatlar (6,6 %) hamda boshqa xizmatlar (11,1 %) hissasiga toʻgʻri keldi.