Oʻzbekistonning sakkizta logistika markazi BMTning Quruqlik portlari maqomini oldi
Oʻzbekistonning sakkizta logistika markazi BMTning Quruqlik portlari maqomini oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) tomonidan Bangkok shahrida o‘tkazilgan “Quruqlik portlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim”ning 6-Ishchi guruh yig‘ilishida O‘zbekiston uchun muhim natijalar e’lon qilindi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tarkibidagi 8 ta logistika markazi — Jizzax, Qo‘qon, Marg‘ilon, Rouston, Ulug‘bek, Termiz, Buxoro va Nukus logistika markazlari — BMT tasnifi bo‘yicha “Quruqlik porti” maqomini olish uchun zarur bo‘lgan xalqaro mezonlarga to‘liq javob berishi rasman qayd etildi.
Mazkur obyektlarning xalqaro ro‘yxatga kiritilishi O‘zbekistonning global transport tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, mintaqaviy yuk oqimlarining markaziy bo‘g‘ini sifatidagi salohiyatini oshirish hamda mamlakatning tranzit-logistika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Logistika markazlarining quruqlik porti sifatida tan olinishi ularning multimodal tashuvlarni tashkil etish, bojxona rasmiylashtiruvi, terminal va ekspeditorlik xizmatlari, konteynerlarni qayta ishlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda yuqori operatsion quvvatlar kabi xalqaro talablarga muvofiq faoliyat yuritayotganini tasdiqlaydi.