Valyuta kurslari 30/10/2025
$1 – 11990.53
UZS – -0,12%
€1 – 13959.38
UZS – -0,24%
₽1 – 150.71
UZS – 0,33%
Qidirish
Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma komissiyasining V yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma komissiyasining V yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma komissiyasining V yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamraisligida Fanlar akademiyasi va Madaniyat vazirligining tegishli boʻlinmalari rahbarlari, Germaniya tomonidan esa Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Ijtimoiy va madaniy hamkorlik departamenti direktori oʻrinbosari janob Shtefan Rossel boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar, taʼlim va ilmiy sohalardagi hamkorlik istiqbollari, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda yangi tashabbuslar muhokama qilindi. 

Tomonlar ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida aloqalarni kengaytirish, kasbiy taʼlim tizimida Germaniya tajribasiga asoslangan dual taʼlim modelini joriy etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar va arxeologik izlanishlarni yoʻlga qoʻyish masalalarida fikr almashdilar.

Oʻzbekiston-Germaniya madaniy-gumanitar munosabatlari uzoq yillardan buyon izchil rivojlanib kelmoqda. 1993-yil 28-aprelda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim” ushbu sohadagi aloqalar uchun mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, sport, arxitektura va arxeologiya kabi sohalarni qamrab olgan. Oʻzbekistonda o‘rganilayotgan Yevropa tillari orasida nemis tili eng ommalashgan tillardan biri boʻlib, uning oʻqitilishida DAAD va Gyote instituti muhim rol oʻynamoqda.

Hozirda Oʻzbekiston va Germaniya oliygohlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida 80 dan ortiq hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, Anxalt amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda Oʻzbek-Nemis universitetini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha mamlakatimizda ilk nemis oliygohi boʻlishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunida tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar va qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar. Uchrashuv soʻngida Madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma komissiyasining 5-yigʻilishi bayonnomasi imzolandi.

Tashrif dasturiga muvofiq, nemis delegatsiyasi rahbari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi tadbirlarda ham ishtirok etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling