Oʻzbekistondagi 1500 nafardan ziyod oʻqituvchilar xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz kasbiy rivojlanish bilan shugʻullanmoqda
Oʻzbekistondagi 1500 nafardan ziyod oʻqituvchilar xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz kasbiy rivojlanish bilan shugʻullanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi, Buyuk Britaniyaning madaniy aloqalar va taʻlim imkoniyatlari tashkiloti, Britaniya Kengashining hamkorlikdagi saʻy-harakatlari natijasida 1500 nafardan ziyod ingliz tili va boshqa fan oʻqituvchilari “Maktab chempionlari” loyihasida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi hamda Britaniya Kengashi va Buyuk Britaniyaning Norvich til taʻlimi instituti (NILE) tomonidan ishlab chiqilgan CPD – uzluksiz kasbiy rivojlanishni amaliyotda qoʻllashdi.
Joriy yilning 13 va 14-fevral kunlari tashkil etilgan “Uzluksiz kasbiy rivojlanish festivali” butun mamlakat boʻylab 218 ta maktabdan tashrif buyurgan va mamlakat boʻylab 1300 nafardan ziyod ingliz tili va boshqa fan oʻqituvchilari uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish tadbirlariga qoʻshilish imkoniyatini yaratgan maktab chempionlari – ingliz tili oʻqituvchilari va milliy konsultantlarni bir joyga jamladi. Festivalning maqsadi loyihaning barcha ishtirokchilari erishgan yutuqlarni eʻtirof etish va nishonlash boʻldi. “Maktab chempionlari” loyihasi 2023-yilda boshlanib, shu vaqtga qadar loyiha doirasida 4500 dan ziyod uzluksiz kasbiy rivojlanish tadbirlari va faoliyatlari tashkil etildi.
Seminar-trening shaklida tashkil etilgan festival davomida maktab chempionlari uzluksiz kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini mamlakat boʻylab maktablarda yanada kengroq targʻib qilish va ommalashtirishning amaliy yondashuvlarini tadqiq qilishdi va oʻrganishdi.
“Biz maktablarni ulardagi har bir shaxsning toʻxtovsiz bilim olish bilan band boʻlgan xabga aylantiruvchi madaniyatni shakllantirishni istaymiz. Qachonki oʻqituvchilar va maktab direktorlari oʻz kasbiy rivojlanishiga ustuvor ahamiyat bersa, ular oʻz oʻquvchilari uchun namunaga aylanishadi hamda ularda uzluksiz kasbiy rivojlanish odatlarini shakllantirishga ilhom baxsh eta oladilar.
Biz mazkur loyiha orqali mamlakatda olib borilayotgan oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishini kuchaytirishga qaratilgan milliy islohotlarga hissamizni qoʻshishdan nihoyatda mamnunmiz. Ishonamizki mamlakatdagi yanada koʻplab maktablar ushbu keng miqyosli uzluksiz kasbiy rivojlanish hamjamiyatiga qoʻshilishadi.” – deydi Jamilya Gulyamova, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori oʻrinbosari.
Festival Britaniya Kengashi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, Qoʻshma Qirollik hukumatining Xalqaro rivojlanish departamenti moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻylab yanada inklyuziv taʼlim tizimlarini rivojlantirish hamda ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlashga qaratilgan, Britaniya Kengashining Markaziy Osiyoda ingliz tilini oʻrganishni jadallashtirish (AELLCA) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dasturning asosiy akademik hamkori Buyuk Britaniyaning Norvich til taʼlimi instituti hisoblanadi.