Valyuta kurslari 07/11/2025
$1 – 12022.92
UZS – 0,44%
€1 – 13843.19
UZS – 0,69%
₽1 – 148.14
UZS – 0,37%
Qidirish
Oʻzbekistonda Zafar kuni nishonlandi

Oʻzbekistonda Zafar kuni nishonlandi

Oʻzbekistonda Zafar kuni nishonlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistondagi Ozarbayjon Respublikasining Elchixonasi va uning huzurida faoliyat yuritayotgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Zafar kuni munosabati bilan tantanali qabul tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Babur Usmonov, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus a’zolari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, vatandoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar dastlab Zafar kuniga bagʻishlangan fotokoʻrgazma bilan tanishdilar. Ozarbayjon va Oʻzbekiston davlat madhiyalari yangraganidan soʻng, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Huseyn Guliyev mehmonlarni bayram bilan tabriklab, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini ta’kidladi.

Elchi shunday dedi: “Ozarbayjon Prezidenti, Oliy Bosh Qo‘mondon Ilham Aliyev rahbarligida 44 kunlik urush natijasida yerlarimiz Armaniston bosqinidan ozod etildi va bugun ozod qilingan hududlarda keng koʻlamli qayta tiklash va qurilish ishlari olib borilmoqda.”

Diplomat qoʻshimcha qildi: “Biz tarixning yangi sahifasini ochib, tinchlik va barqarorlik sharoitida birgalikda yashashga tayyor ekanligimizni namoyish etdik.”

Shuningdek, u ta’kidladi: “Gabala shahrida oʻtkazilgan Turk Davlatlari Tashkiloti sammiti Prezident Ilham Aliyevning ‘Turk Davlatlari Tashkiloti — bu bizning oilamiz’ degan fikrining tasdigʻi boʻldi.”

Elchi Oʻzbekistonning Qarabogʻ masalasida Ozarbayjonning adolatli pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlab kelayotganiga va bu yoʻnalishda namoyish etgan printsipial yondashuvi uchun Oʻzbekiston Prezidentiga hamda birodar oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Zafarning 5 yilligi munosabati bilan Ozarbayjonni birinchi boʻlib tabriklagan davlat aynan Oʻzbekiston boʻlgani qayd etildi.

Tadbir davomida Ozarbayjon Prezidenti Ilham Aliyevning Oʻzbekistonga, hamda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashriflari, Armanistonning Ozarbayjonga tajovuzi, ozod qilingan hududlarda olib borilayotgan keng koʻlamli qurilish ishlari haqida videomaterial namoyish etildi.

Tantanali dastur madaniy qism bilan davom etdi. Zafar kuniga bagʻishlangan madaniy dastur doirasida Oʻzbekiston Xalq artisti Jenisbek Piyazovning chiqishi katta qiziqish bilan qarshi olindi. Uning ozarbayjon va oʻzbek tillarida kuylagan qoʻshiqlari tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi va tadbirga alohida ruh bagʻishladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Zafar kuni munosabati bilan Ozarbayjon milliy taomlaridan tatib koʻrishdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling