Oʻzbekistonda yashil byudjetlashtirish va barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha vebinar boʻlib oʻtdi
Oʻzbekistonda yashil byudjetlashtirish va barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha vebinar boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirligining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish hamda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha turli darajadagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari davom etmoqda.
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlarining budjet jarayoni bilan integratsiyasini amalga oshirish hamda “yashil” budjetlashtirish tamoyillarini joriy etish boʻyicha texnik koʻmak amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 18-dekabr kuni davlat moliyasini boshqarish sohasini takomillashtirish islohoti dorasida vazirlik va idoralarning xodimlari malakasini oshirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan BMTTD bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlarni va yashil ustuvorliklarni strategik rejalashtirish hamda budjetlashtirishga integratsiya qilish” mavzusida onlayn tarzda vebinar tashkil etildi.
Ushbu vebinarda tegishli xalqaro tashkilotlardan hamda masʼul vazirlik va idoralardan 60 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.
Vebinar avvalida BMTTDning Meksikadagi vakolatxonasi eksperti Maite Garcia tomonidan “Oʻzbekiston uchun integratsiyalashgan barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) va yashil/iqlim budjetni tasniflash uslubiyoti” yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Bugungi kunda BMTTD bilan hamkorlikda “Davlat budjeti xarajatlarining integratsiyalashgan barqaror rivojlanish milliy maqsadlari va atrof-muhit maqsadlariga muvofiqligi asosida tasniflash” boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilmoqda. Xarajatlarni yuqoridagi uslubiyot asosida tasniflash birinchi bosqichda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan, ikkinchi bosqichda esa tarmoq vazirlik va idoralari tomonidan budjet dasturlarini shakllantirish vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shundan soʻng, “Oʻzbekistonda rejalashtirish va budjetlashtirishga barqaror rivojlanish maqsadlari va yashil ustuvorliklarni integratsiyalash: Oʻzbekiston uchun xalqaro ilgʻor amaliyotlar va tavsiyalar” yoʻnalishi boʻyicha Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari , “Bioxilma-xillikni budjetlashtirish jarayoniga integratsiya qilish: Oʻzbekiston uchun xalqaro ilgʻor amaliyotlar va tavsiyalar” mavzusi yuzasidan BMTTD BIOFIN tashabbusi vakillari, “Oʻzbekiston uchun iqlim boʻyicha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (Climate PIMA): asosiy natijalar va tavsiyalar” yuzasidan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eksperti hamda “Budjet daromadlari va soliq xarajatlarini yashil jihatdan tasniflash: Oʻzbekiston uchun xalqaro ilgʻor amaliyotlar va tavsiyalar” yoʻnalishi boʻyicha BMTTDning xalqaro eksperti tomonidan taqdimotlar oʻtkazib berildi.
Vebinar yakunida ushbu yoʻnalishlarda islohotlarni amalga oshirish uchun hamkorlikni yanada kengaytirish taʼkidlab oʻtildi.