Oʻzbekistonda seysmik tekshiruvlar va qurilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikning yangi qoidalari joriy etildi
Oʻzbekistonda seysmik tekshiruvlar va qurilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikning yangi qoidalari joriy etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish hamda shaharsozlik sohasida huquqbuzarliklarni kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, vakolatli organlar ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan turar-joy binolarini qurish holatlari saqlanib qolayotgani, ayrim obyektlarda seysmik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani sohadagi davlat boshqaruvini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Ushbu qonun loyihasida ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, mazkur qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilyapti.
Shaharsozlik kodeksida esa “master reja” tushunchasi shaharsozlik hujjatlarining alohida turi sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu hujjat hududlarning aniq muammolarini bartaraf etish, shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yechimlarni uyg‘unlashtirish, shuningdek, hududlarni qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirishni rejalashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qonun loyihasida ko‘priklar va tonnellar, shuningdek, potensial xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalashtirish va qurish uchun beriladigan litsenziyalarning amal qilish muddatini cheklanmagan holda belgilash amaliyotini bekor qilish, qurilish-montaj ishlarini boshlashda xabardor qilish tartibidan ruxsatnoma berish tizimiga o‘tish nazarda tutilmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xavfsiz va sifatli uy-joylar barpo etilishini ta’minlash, shuningdek, seysmik xavfsizlik sohasiga zamonaviy va samarali yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.