Oʻzbekistonda kichik fermer xoʻjaliklarining salohiyatini oshirish loyihasi ishga tushirildi
Oʻzbekistonda kichik fermer xoʻjaliklarining salohiyatini oshirish loyihasi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda kichik va o‘rta fermerlarning iqtisodiy salohiyati va samaradorligini oshirish” grant loyihasiga start berildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, Latviyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Girts Yaunzems hamda Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov ishtirokida mazkur loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligida kichik ishlab chiqaruvchilar, xususan dehqon xo‘jaliklari daromadlarini oshirish, ularning qo‘shilgan qiymat zanjiridagi ishtirokini kengaytirish hamda sohada kooperativlar faolligini kuchaytirishdan iborat.
Loyiha 2026–2028 yillar davomida respublika hududlarida Latviyaning Moliya va shartnomalar markaziy agentligi (CFCA) tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida Yevropa Ittifoqi davlatlari, ayniqsa Latviyaning qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini joriy etish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbusni amalga oshirishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi asosiy hamkor tashkilotlar sifatida belgilangan.