Oʻzbekistonda ijtimoiy obyektlarda yongʻin xavfsizligi nazorati kuchaytirildi
Oʻzbekistonda ijtimoiy obyektlarda yongʻin xavfsizligi nazorati kuchaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Favqulodda vaziyatlar vaziri B.Qudratxo‘jayevning “Aholini yong‘inlardan muhofaza qilish, xususan ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish, texnik nosozliklar va boshqa xavfli holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2025 – 2026-yillarga mo‘ljallangan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Bugungi kunda aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, elektr va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida korxona va tashkilotlar, mahalla va xonadonlar kesimida profilaktika ishlari samarali tashkil etilmoqda.
Davlat nazorati inspektorlari tomonidan ro‘yxatga olingan 323 093 ta korxona va tashkilotning 79 432 tasida batafsil va nazorat tartibidagi tekshiruvlar o‘tkazildi. Ular davomida korxona va muassasalar rahbarlariga davlat nazorati inspektorlarining yozma ko‘rsatmalari taqdim etilib, ko‘plab qonun buzilishi holatlarining bartaraf etilishiga erishildi.
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 51 824 nafar rahbar, javobgar shaxslar va fuqarolar 31 mlrd. 803 mln. 458 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortildi. Zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 22 642 ta bino (inshoot)ning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, 112 527 ta nosoz elektr uskuna manbasidan uzildi.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarini targ‘ib qilish va bu borada fuqarolarning savodxonligini oshirish maqsadida jami 9 millionga yaqin fuqaroni qamrab olgan holda suhbat va yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazildi.
Aholi hayotini yong‘inlardan himoya qilish, keng omma orasida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida markaziy va mahalliy televideniye orqali 13 269 ta, elektron reklama tablolarida 150 389 ta roliklar namoyish etildi.
Shuningdek, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining veb-saytlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolarni ogohlikka chorlovchi e’lonlar, xabarlar, lavhalar va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, shu jumladan yong‘inlar haqida ma’lumotlar joylashtirildi.
Vazirning qayd etishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan rejaga asosan tekshiruvlar o‘tkazilib, ta’lim tashkilotlari mas’ullari bilan aksariyat obyektlarning yong‘inga qarshi ahvolini yaxshilashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Nazorat tadbirlari jarayonida obyektlarda aniqlangan 68 ming 536 ta qoidabuzarlikdan 32 059 tasining bartaraf etilishiga erishilgan.
Oliy va o‘rta ta’lim muassasalaridagi nazorat tadbirlari jarayonida obyektlarda aniqlangan 4 ming 252 ta qoidabuzarlikdan 2 175 tasi, tibbiyot muassasalaridagi nazorat tadbirlarida esa obyektlarda aniqlangan 15 ming 402 ta qoidabuzarlikdan 7 284 tasining bartaraf etilishiga erishilgan.
Deputatlar aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidlab, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, mas’ul idoralar, mahalliy hokimiyatlar hamda jamoatchilik o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, tizimda olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish, aholini yong‘inlardan muhofaza qilish, ayniqsa, ijtimoiy obyektlarning texnik holatini muntazam o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdilar.
Majlisda Favqulodda vaziyatlar vazirining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi va kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.