Oʻzbekistonda gaz sanoatini raqamlashtirish muhokama qilindi
Oʻzbekistonda gaz sanoatini raqamlashtirish muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Eysasoft Holding Ltd” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati hamda “Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruvi raisi M. Xodjayev ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida gaz taʼminoti sohasini modernizatsiya qilish doirasida avtomatlashtirish, raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur yoʻnalishda innovatsion yechimlarni samarali joriy etish hamda tarmoq boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini alohida qayd etdilar.
Gaz yoʻqotishlarini kamaytirish maqsadida aqlli gaz hisoblagichlari hamda gaz tarmogʻi oʻlchash vositalaridan foydalangan holda milliy intellektual gaz hisobini yuritish infratuzilmasini (Advanced Metering Infrastructure — AMI) yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
“Esyasoft Holding Ltd” kompaniyasi mazkur loyihani moliyalashtirish yuzasidan ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan kompleks moliyaviy modellarni taqdim etdi. Taklif etilgan yondashuv loyihani yirik kapital xarajatlarisiz amalga oshirish mexanizmlari koʻrib chiqildi.
Taqdimot jarayonida pilot loyihani ishga tushirishni jadallashtirish, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmlari hamda texnik va tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, loyihani Jamiyat faoliyatiga ijobiy taʼsirini taʼminlash maqsadida uni har tomonlama oʻrganish va amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Loyiha doirasida gaz taʼminoti tizimidagi yoʻqotishlarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash hamda zamonaviy dasturiy taʼminot yechimlarini joriy etish orqali sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish koʻzda tutilmoqda.