Oʻzbekistonda Dongfang Electric kompaniyasining yirik energetika obʼyektlari uchun kabel mahsulotlari yetkazib berish masalasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas'ullari tashabbusi bilan “Uzkabel” AJ va “Procab” MCHJ QK korxonalarida Xitoyning “Dongfang Electrical Corporation” kompaniyasining MDH (MDH – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi) bo‘yicha vakili janob Wu Hao ishtirokida navbatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.
“Dongfang Electrical Corporation” – xalqaro miqyosda tan olingan, energetika infratuzilmasini barpo etishga ixtisoslashgan yirik kompaniya bo‘lib, bugungi kunda Masdar, ACWA Power, China Datang, China Huadian Overseas kabi global miqyosdagi investorlarga Bosh pudratchi sifatida xizmat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan qator strategik loyihalar muhokama qilindi. Jumladan:
Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanida quvvati 320 MW bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi;
Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida 300 MW quvvatdagi quyosh elektr stansiyasi loyihasi;
Buxoro viloyati, Olot tumanida 150 MW quvvatga ega energiya saqlash tizimi;
Shamol va gidro elektr stansiyalari qurilishiga oid istiqbolli loyihalar.
Uchrashuvda asosiy e’tibor mazkur loyihalarda foydalaniladigan kabel-sim mahsulotlarini O‘zbekistonning mahalliy elektrotexnika korxonalaridan kooperatsiya asosida xarid qilish masalasiga qaratildi.
Bu orqali nafaqat mahsulot yetkazib berish bo‘yicha yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, balki elektrotexnika sanoatining salohiyati va mahalliylashtirish ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada oshadi.
Tomonlar o‘rtasida mahsulot turlari va texnik parametrlar yuzasidan fikr almashinuvi asosida muzokaralar olib borilib, yaqin kunlarda amaliy kelishuvlarga erishish bo‘yicha o‘zaro manfaatli takliflar bildirildi.
Xorijiy yirik kompaniyalar bilan bunday strategik aloqalar elektrotexnika sanoatining yirik loyihalarda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda.