Oʻzbekiston xalqaro kosmik xakatonda ikkinchi oʻrinni egalladi
Oʻzbekiston xalqaro kosmik xakatonda ikkinchi oʻrinni egalladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzcosmos agentligi tomonidan tashkil etilgan milliy bosqichda g‘olib chiqqan Turin politexnika universiteti talabalaridan iborat NazarX jamoasi Fransiyaning Bordo shahrida o‘tgan butunjahon xakatonda o‘zining modulli sun’iy yo‘ldosh loyihasini taqdim etgan holda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Musobaqada dunyoning 23 davlatidan 391 jamoa ishtirok etdi. Xalqaro bosqichning birinchi kunida yarim finallar bo‘lib o‘tdi, unda jamoalar guruhlarga bo‘lingan holda hakamlar hay’atiga o‘z loyihalarini taqdim etdilar. O‘z guruhida O‘zbekiston terma jamoasi Tayvan, Fransiya, Qozog‘iston va Marokash vakillari bilan kuch sinashdi va har bir guruhdan faqat bittadan jamoa keyingi bosqichga chiqa oldi.
Yarim final yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi o‘z guruhida g‘olib bo‘ldi va Grand finalga yo‘l oldi. Final bosqichiga bor-yo‘g‘i 5 ta eng kuchli jamoa chiqib, xalqaro musobaqa natijalariga ko‘ra o‘zbekistonliklar umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Ushbu natija O‘zbekiston yoshlarining kosmik texnologiyalar, muhandislik va innovatsiyalar sohasidagi yuqori salohiyatini namoyish etadi, shuningdek, kosmik sanoat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Bunday xalqaro tashabbuslarda ishtirok etish O‘zbekistonni global texnologik maydonda namoyon eta oladigan muhandislar va tadqiqotchilarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.