Oʻzbekiston WOOD & Company bilan kompaniyalarning xalqaro kapital bozorlariga kirishini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsion-bankirlik guruhi WOOD & Company vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov hamda kompaniya rahbariyati ishtirok etdi. Tomonlar moliya bozorlari, infratuzilma, ko‘chmas mulk va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
WOOD & Company 1991-yilda Praga shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik mustaqil brokerlik kompaniyalaridan biridir.
Kompaniya investitsiya masalalari bo‘yicha maslahat berish, aksiyalar va obligatsiyalarni joylashtirish hamda M&A (qo‘shilish va qo‘shib olish) bitimlarini qo‘llab-quvvatlash sohalarida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish, shu jumladan IPO jarayonlariga tayyorgarlik va ularni o‘tkazishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.