Oʻzbekiston va YUNESKO: oliy taʼlim sohasidagi global hamkorlikning yangi bosqichi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 25-iyun kuni Parij shahridagi YUNESKO shtab-kvartirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev YUNESKO bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Janini xonim bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va YUNESKO oʻrtasidagi strategik hamkorlik, jumladan, taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashildi. Mazkur uchrashuv Oʻzbekistonning Oliy taʼlim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga qoʻshilishi munosabati bilan tashkil etildi.
Tomonlar oʻrtasidagi muloqotda Oʻzbekistonda oxirgi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, taʼlimga yoʻnaltirilayotgan davlat xarajatlari yil sayin orttirilayotgani, milliy va xalqaro akkreditatsiya tizimlari joriy etilayotgani, pedagoglarni tayyorlash tizimi yangilangani, raqamlashtirish va STEM koʻnikmalarini keng joriy qilish borasidagi ishlar eʼtirof etildi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning Global konvensiyaga qoʻshilishi boʻyicha milliy ratifikatsiya jarayonlari yakunlanayotgani va 2025-yilda rasman ushbu hujjatga qoʻshilishi maʼlum qilindi. Bu bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur xalqaro konvensiyani qabul qilgan birinchi davlatga aylanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar YUNESKO va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, taʼlim sohasidagi xalqaro mezon va yondashuvlarni Oʻzbekiston taʼlim tizimida bosqichma-bosqich joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.