Oʻzbekiston va YUNESKO Buxoro merosini saqlab qolish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va YUNESKO Buxoro merosini saqlab qolish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 8-aprel kuni Parijda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda butunjahon merosi obyektlarini saqlash va samarali boshqarish sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Unda asosiy e’tibor Buxoroda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shu jumladan, “Poyi Kalon” majmuasini restavratsiya qilish va “Shahriston” hududida ochiq osmon ostidagi arxeologiya muzeyini tashkil etish, shuningdek, tarixiy shaharlarning barqaror rivojlanishini ta’minlashda Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya va xalqaro standartlarga muvofiq madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash chora-tadbirlariga qaratildi.
Uchrashuv xulosalariga ko‘ra, madaniy meros sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.