Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Hamkorlik bo‘yicha quyi qo‘mitaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, YeI delegatsiyasi ishtirok etdi. Delegatsiyaga YeI O‘zbekistondagi Elchisi Toivo Klaar hamda Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktorati (DG INTPA) Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘limi rahbari Sharlotta Adrian boshchilik qildi.
Tomonlar hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, investitsiyalar, savdo va sanoatni rivojlantirish, raqamli transformatsiya, energetika, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, fuqarolik jamiyati rivoji, gender tengligi hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlikni kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etish va uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Ishtirokchilar barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda mintaqaviy integratsiyani ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.