Oʻzbekiston va Yaponiyaning Sojitz va JALUX kompaniyalari Toshkent xalqaro aeroportini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Yaponiyaning Sojitz va JALUX kompaniyalari Toshkent xalqaro aeroportini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov Sojitz Corporation hamda JALUX kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Sojitz Corporation” Yaponiyaning yirik savdo-investitsiya xoldinglaridan biri bo‘lib, mashinasozlik, transport, energetika, sanoat va infratuzilma sohalarida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida loyihalarni amalga oshiradi. “JALUX” esa aviatsiya va aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, duty free obyektlarini boshqarish, aviatsion katering hamda unga tutash xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Muzokaralar davomida Toshkent yangi xalqaro aeroporti qurilishi loyihasini jadallashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bitimini tezlashtirish, shuningdek, aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, “JALUX” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish va aeroportlarning tijorat infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan duty free savdosi, samolyotlar uchun keytering va boshqa tegishli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalari bilan tanishtirdi. Tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish hamda erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.