Oʻzbekiston va Yaponiya transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Yaponiya transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Yaponiyaning Yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri o‘rinbosari Terada Yoshimichi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Yangi Toshkent va Toshkent shahri hududlarini yangi aeroport bilan temir yo‘l, yer osti hamda yer usti metro liniyalari orqali bog‘lash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toshkent – Samarqand temir yo‘lining yangi tezyurar liniyalarini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi va yuk tashish harakatini samarali tashkil etish maqsadida rels infratuzilmasini ajratish, shuningdek transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil mustahkamlashga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.